Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish – davlat siyosatining muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Muhimi, bu borada ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda.

Bunga javoban yoshlar ham barcha jabhalarda o‘zlarini to‘la namoyon etayotir. Buni birgina Senat huzuridagi Yoshlar parlamentining o‘tgan yilgi faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.

Mazkur tuzilma yoshlarimizga yaratilgan imkoniyatlar, qabul qilinayotgan qonun va qarorlar bilan tengdoshlarini yaqindan tanishtirish hamda ularning muammo va takliflarini tegishli organlarga yetkazish bilan birga, qonun ijodkorligi jarayonida faollik ko‘rsatib kelmoqda.

Xususan, o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarida saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonun loyihasi muhokamalari jarayonida minglab yosh avlod vakillarining takliflari olindi. E’tiborlisi, ushbu takliflardan qonun ijodkorligi jarayonida unumli foydalanildi.

Davlatimiz rahbari raisligida 2023 yil 11 aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.

Yoshlar parlamenti a’zolari ularning ijrosi davomida ham o‘zlarini namoyon qildi. Masalan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Olmazor tumani hokimligi bilan hamkorlikda “InnoWeek.Uz-2023” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida talabalar va yuqori sinf o‘quvchilari bilan uchrashuv tashkil etilib, unda IT, robototexnika, 3D modellashtirish va interer dizayn hamda eng ko‘p qo‘llaniladigan 10 ta chet tili bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.

Ayni chog‘da Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda jamoatchilik monitoringi olib borildi va o‘nga  yaqin vazirliklar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi va doimiy ravishda hamkorlikda amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Natijada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan “Workout” maydonchalari faoliyati Andijon, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari hamda Toshkent shahri misolida o‘rganib chiqildi. Muhimi, shu jarayonda aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rildi.

Yoshlar parlamenti faoliyatida ijtimoiy muhofazaga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ham yetakchilik qildi. Chet eldagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoyalash tizimini takomillashtirish maqsadida xalqaro maydonda ham hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, 2023 yilda Senat Raisi boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan Yoshlar parlamenti a’zolari Belarus Milliy majlisi huzuridagi Yoshlar parlamenti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi va hamkorlik memorandumi imzoladi.

Yoshlar parlamenti a’zolari tomonidan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarlik profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunning mamlakatimiz hududlari, jumladan, Samarqand viloyatidagi ijrosi holati o‘rganildi.

Yoshlarning muammo va takliflarini o‘rganish maqsadida barcha hududlarda yoshlar qabuli tashkil etildi. Natijada yoshlardagi muammolar, taklif va talablar o‘rganilib, tegishli idoralarga axborot kiritildi.

“Yashil makon” umummilliy harakati doirasida Buxoro, Surxondaryo, Xorazm, Qashqadaryo va Toshkent viloyati hamda Toshkent shahrida “Yoshlar parlamenti bog‘i” tashkil etilib, umumiy hisobda mingga yaqin ko‘chat ekildi.

Yoshlarning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilik takliflarini ishlab chiqish, nazorat-tahlil yo‘nalishida faol ishtirok etish va senatorlarning hududlardagi faoliyati davomida hamkorlik qilish bo‘yicha joriy yilda ham tuzilma vakillari faol ish olib boradi.

Bundan tashqari, vazirliklar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, yoshlarga yo‘naltirilgan amaliy loyihalarni kengaytirish orqali ular bilan yanada ko‘proq ishlash, xalqaro aloqalar o‘rnatish, joylardagi muammolarni hal etishda amaliy yordam ko‘rsatish va bunda chekka hududlardagi yoshlarni qamrab olish maqsad qilingan.

N.Abduraimova, O‘zA