Telegramda Ukraina kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Antistrumіn-Darnitsya” preparati surati ilova qilingan xabarda, mazkur dori vositasidan yurtimizda bolalar nobud bo‘lganligi hamda ushbu preparatni qo‘llamaslik to‘g‘risida noma’lum ayol kishiga tegishli audio tarqalmoqda.

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.

“Xabaringiz bor, mamlakatimizda dori vositasi tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishi uchun qonunchilikka muvofiq, qoida tariqasida dastlab davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi zarur.

Mazkur jarayonda dori vositasining tegishli hujjatlari o‘rganilib, markaz laboratoriyalari tomonidan uning sifati, xavfsizligi va samaradorligi tasdiqlangandan so‘ngina, ijobiy xulosalar asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Shu bilan birga ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositasining har bir seriyasi sertifikatlashtirish jarayonidan o‘tib, har bir seriya mahsulotga muvofiqlik sertifikati rasmiylashtiriladi.

Ma’lumot uchun, audioxabarga surati ilova qilingan Ukraina kompaniyasiga tegishli “Antistrumіn-Darnitsya” dori vositasi mamlakatimizda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan bo‘lib, tibbiyot amaliyotida qo‘llanishiga ruxsat etilmagan.

Shu o‘rinda, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi telegramda tarqalayotgan audio yuzasidan yurtdoshlarimiz xavotirga tushmasliklarini, xabarda aytilayotgan ma’lumotlar haqiqatga mutlaqo zid ekanligini ma’lum qiladi.

O‘zA