Korrupsiyaga qarshi kurashish Strategiyasini qabul qilish tashabbusi ilgari surildi
Majlisda loyihadagi bir qator maqsadlarga erishish bo‘yicha tegishli takliflar muhokama qilindi va fikr-mulohazalar bildirildi.
Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlarni hamda vazifalarni nazarda tutuvchi Korrupsiyaga qarshi kurashish Strategiyasini qabul qilish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari rahbarlarini ochiq tanlov asosida ishga qabul qilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birga Jamoatchilik kengashi bilan ham kelishish hamda ularning faoliyatini doimiy ravishda baholab borish kabi takliflar berildi.
Muhokamalar jarayonida tomonlarni kelishtirishga erishish orqali nizolarni sudgacha hal qilish hamda sudlarda ish hajmini kamaytirish maqsadida mediatsiya institutining rolini tubdan oshirish yuzasidan fikrlar bildirildi.
Bunda, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida tuzilgan shartnomalarni lozim darajada bajarmaslik natijasida kelib chiqadigan nizolarni dastlab sudga qadar mediatsiya tartibida hal etishning majburiyligini belgilash maqsadga muvofiq.
Mediativ kelishuvga erishgan taraflar tomonidan kelishuv shartlarini ixtiyoriy ravishda bajarmagan taqdirda uni majburiy tartibda ijroga qaratishni belgilashni nazarda tutish zarur.
Mazkur taklif va fikr-mulohazalar Davlat dasturiga kiritilishi uchun taqdim etilishi ma’lum qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA