Shu kunlarda O‘zbekiston o‘z milliy mahsulotlarini taqdim etayotgan Germaniya poytaxtidagi “Grüne Woche” xalqaro yarmarkasi davom etmoqda.

Yarmarka doirasida Berlindagi elchixonamiz tashabbusi bilan mamlakatimiz Savdo-sanoat palatasi boshchiligida qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun nemis konsalting kompaniyalar vakillari tomonidan mahorat darslari tashkil etildi.

Muloqot chog‘ida Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi “Germany Agrikultur Alliance” uyushmasi direktori Per Broderzen hamda “Müller Außenhandel e.V.” kompaniyasi menejeri Valdemar Myuller o‘zbekistonlik tadbirkorlarga Germaniyada biznes yuritish tartib-qoidalari va o‘ziga xos jihatlari haqida so‘zlab berdi.

Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi, “Germany Agrikultur Alliance” uyushmasi direktori doktor Per Broderzen so‘ziga ko‘ra, ushbu uchrashuv har ikki tomon uchun ham foydali. O‘zbekistonlik tadbirkorlarning bugun Yevropa Ittifoqi davlatlariga, shu jumladan, Germaniyaga o‘z mahsulotlarini eksport qilayotganliklari juda quvonarli holdir.

– Har qanday xorijlik eksportyor uchun Yevropa va GFR bozorlariga kirish oson emas, albatta. Chunki Yevropa Ittifoqi, ayniqsa, Germaniya bozorlarida mahsulot sifatiga juda yuqori talab qo‘yiladi. Shu nuqtai nazardan, o‘zbekistonlik eksportyorlar mahsulotlarning talablarga javob beradigan yuqori sifatni ta’minlashni yo‘lga qo‘ysa, nafaqat Germaniya, balki YeI bozorlarida katta imkoniyatni qo‘lga kiritgan bo‘ladi. Bundan tashqari, oziq-ovqat sohasida hamkorlikda ikkita muhim jihat hal qiluvchi omildir. Eksportyor va importyorlarga qonunchilik tomonidan qo‘yiladigan talablardan tashqari yevropalik kompaniyalar uchun uzoq yillik sherikchilik, eksportyor tomonidan mahsulotni yetkazib berish qobiliyatining barqaror saqlanishi muhim hisoblanadi. Nemis ishlab chiqaruvchilari, ulgurji savdo vakillari o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar bilan o‘rnatilgan biznes aloqalari ishonchli bo‘lishini xohlaydi. Ular uchun mahsulot sifati doim bir xil darajada yuqori bo‘lishi, sifat darajasining barqarorligini saqlashi zarur. Ushbu omillar nemis ishbilarmonlari bilan biznes aloqalarini shakllantirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Ishonchim komilki, O‘zbekistonda amalga oshilayotgan chora-tadbirlar orqali agrar sohada YeI, qolaversa Germaniya bozorlarida mamlakat eksportyorlari o‘z munosib o‘rnini egallaydi, – dedi u.

Mahorat darsi davomida Germaniya mutaxassislari O‘zbekistonda yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yevropa bozorlariga olib kirish, yangi hamkorlar topish va ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish, savdo kelishuvlariga erishishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar va bu borada xorijiy kompaniyalarning tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

– Bugungi O‘zbekiston elchixonasida o‘tkazilgan tadbir juda samarali bo‘ldi, –dedi „Müller Außenhandel e.V.“ tashqi savdo kompaniyasining menedjeri Valdemar Myuller. – Biz tashqi savdo borasida o‘z tajribalarimiz, Yevropa bozorida qo‘yiladigan talablar va shuningdek, kelajakda birgalikda hamkorlik qilish istiqbollari haqida fikr almashdik. Kompaniyamiz yigirma yildan buyon Sharqiy Yevropa va Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Yutuqlarimiz bilan birgalikda qiyinchiliklar haqida ham to‘xtalib o‘tdik. Biz kelajakda muvaffaqiyatli hamkorlik qila olish uchun muhim hisoblangan omillarni muhokama qildik. O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar, eksportyorlar juda katta istiqbolga ega. Chunki serquyosh O‘zbekistonda yetishtiriladigan mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullangan har bir xorijlik tadbirkor o‘zbek meva va sabzavotlari o‘ziga xos ta’mi bilan ajralib turishini juda yaxshi biladi.

Tadbir yakunida hamkorlar o‘zbekistonlik tadbirkorlarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berdi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA