Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Samarqandga tashrifi davomida shahardagi muqaddas qadamjo va tarixiy-madaniy yodgorliklarni ziyorat qildi.

Shohi Zinda majmuasi ziyorati chog‘ida oliy martabali mehmonga zaminimizga muqaddas islom dinining kirib kelishi va ravnaq topishi yo‘lida xizmat qilgan allomalar va ularning izdoshlari hayoti, faoliyati haqida ma’lumot berildi. Bu yerdagi har bir obida va uning tarixi, ularni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yurtimizda diniy-ma’rifiy sohadagi ishlarning bir ko‘rinishi ekanligi ta’kidlandi.

Amir Temur maqbarasi bilan tanishuv chog‘ida ulug‘ jahongir va temuriylarning davlatchilik tarixi, Movarounnahrda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari e’tirof etildi.

Anvar Ibrohim dunyoga mashhur Registon majmuasini tomosha qilar ekan, bu yerdagi madrasalar Samarqand zaminining azaldan ilm-ma’rifat, madaniyat markazi bo‘lganligini qayd etdi.

Malayziya Bosh vazirining yurtimizga tashrifi davom etmoqda.

G‘.Hasanov, N.Haydarov va A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari