Mamlakatimizda milliy sport turlarimizni, xususan, davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan xalqaro maqomga ko‘tarilgan kurashni dunyo bo‘ylab keng ommalashtirish borasida zarur vazifalarni amalga oshirish bugungi kunning muhim vazifasi sanaladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yil 4 noyabrda imzolangan “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda mardlik, jasurlik, vatanparvarlik, gumanizm g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan milliy sportimiz kurashni ommalashtirish, rivojlantirish va dunyoga tanitishda mutaxassislarning o‘rni beqiyosligi, ularni zamonaviy va ilg‘or texnologiyalar asosida tayyorlash vazifasi belgilangan.

Hukumatimizning sa’y-harakati va tashabbusi bilan xalqaro sport turi darajasiga ko‘tarilgan kurash bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Xalqaro kurash instituti O‘zbekiston kurash federatsiyasi bilan hamkorlikda tizimli ishlar olib bormoqda.

Xalqaro kurash assotsiatsiyasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda kurash bo‘yicha 12 ta xalqaro seminar o‘tkazilgan. Shundan 7 tasi onlayn va 5 tasi oflayn tarzda uyushtirilgan. 2023 yilda ushbu ko‘rsatkich 10 tani tashkil etgan.

O‘tkazilgan kurash seminarlari va o‘quv-mashg‘ulotlarda 90 dan ortiq davlatdagi kurash federatsiyalardan 500 ga yaqin kurash mutaxassislari, murabbiylar, hakamlar ishtirok etgan. Ushbu seminarlarda murabbiylik va hakamlik faoliyatiga zarur ma’lumotlar nazariy va amaliy mashg‘ulotlar shaklida taqdim etildi.

Bu yil kurash bo‘yicha seminarlar formati o‘zgartirilishi nazarda tutilmoqda.

Kurash xalqaro assotsiatsiyasining 2024 yilgi taqvimiga yagona standart asosidagi kurash seminarlari kiritildi. Bu qanday seminar, qay tarzda tashkil etiladi, undagi o‘zgarishlar nimalarda aks etadi?

Kurash xalqaro instituti tomonidan taqdim etilgan seminar reglamentiga ko‘ra, ushbu seminarlar 12 hafta (o‘rtacha 3 oy) davomida onlayn tarzda bo‘lib o‘tadi. Onlayn trening davomida kurash bo‘yicha xalqaro tajribaga ega bo‘lgan eng tajribali ekspert va o‘qituvchilar kurash tarixi, falsafasi, uning nazariyasi, sportchilarni tayyorlashdagi zamonaviy tendensiyalar, hakamlik, musobaqalarni tashkil etish kabi yo‘nalishlarda saboq beradi.

Mazkur seminarlarda ishtirok etgan mutaxassislar O‘zbekistonda Xalqaro kurash instituti va hamkor tashkilotlar ko‘magida o‘tkaziladigan bir haftalik mashg‘ulotlarda qatnashib, imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlarga sertifikatlar taqdim etiladi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA