Ryosuke Kozuki: O‘zbekiston mintaqadagi eng katta va eng yosh inson resurslariga ega

447

Iqtisodiyot va moliya vazirligida Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat davlat vaziri Ryosuke Kozuki boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, unda tomonlar o‘zaro hamkorlikning samaralari xususida so‘z yuritdi. Qayd etilishicha, ikki mamlakat davlat sektorlari hamda ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish barqaror amaliy ahamiyat kasb etadi. Shuningdek,  Yaponiyaning yirik korporatsiyalari ishtirokida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Yaponiya biznes-forumi samaradorligi, tadbir davomida salmoqli hujjatlar to‘plami imzolangani alohida ta’kidlandi.

–O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli strategik sheriklik juda muhim. Albatta, mamlakatingiz sanoat salohiyatini rivojlantirishda yapon kompaniyalarining muvaffaqiyati va tajribasi qo‘l keladi. E’tiborlisi, O‘zbekiston mintaqadagi eng katta va eng yosh inson resurslariga ega va Markaziy Osiyodagi iqtisodiy taraqqiyotning dvigatelidir, –dedi janob Ryosuke Kozuki.

Shuningdek, uchrashuvda joriy yilning aprel oyida Qozog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi tadbir – “Markaziy Osiyo+Yaponiya” formatidagi davlat rahbarlari sammitiga tayyorgarlikning borishi muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirligining Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan davlat xizmatchilari, xususan, hokim o‘rinbosarlari malakasini oshirish sohasida samarali hamkorligi, yapon tadbirkorlari tomonidan investitsiyalarni rag‘batlantirish uchun O‘zbekiston xususiy sektorida qulay shart-sharoitlar yaratish muhimligi haqida ham so‘z bordi.

  N. Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA