Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, cheksiz iftixor va sadoqat namunasi

13 yanvar kuni poytaxtimizdagi “Xalqlar do‘stligi” saroyida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Shu kuni erta tongdan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimi vakillari Vatanimizning shonli tarixi, shiddatli yangilanishlar, taraqqiyotimiz va ma’rifiy yuksalish ramzi bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lib, Mustaqillik monumenti poyiga gullar qo‘ydi.
Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan muhtasham san’at saroyida tashkil etilgan tantanali tadbirga davlat va jamoat arboblari, harbiylar, shoir va yozuvchilar, keng jamoatchilik vakillari taklif etildi.
Saroy foyesida mamlakatimiz harbiy salohiyatini, sohadagi yutuq va yangiliklarni namoyish etuvchi ko‘rgazma tashkil qilindi.
…Vatanimiz madhiyasi ijro etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-leytenant Bahodir Qurbonov o‘qib eshittirdi.
Darhaqiqat, Prezidentimiz tabrigida ta’kidlanganidek, xalqimiz harbiylar timsolida Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug‘ siymolarni ko‘radi.
Dunyoga yangilanib borayotgan O‘zbekiston sifatida tanilayotgan mamlakatimizda harbiy sohani isloh etish, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini tobora oshirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarni davr talabi darajasida yo‘lga qo‘yish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Qo‘shinlarning jangovar shayligi va qobiliyatini yanada oshirish, ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash, harbiylarning kasbiy salohiyatini oshirish, mazkur yo‘nalishdagi ta’limni zamon ruhiga hamohang tarzda takomillashtirish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Harbiylar va ularning oila a’zolarini kuchli ijtimoiy himoyalash davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda.
Zero, Vatanimiz sarhadlarining daxlsizligini, xavfsizligini ta’minlashda, xalqimiz hayotining tinchligi, osoyishtaligini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashda harbiylarimizning xizmatlari beqiyos.
Sohaga qaratilayotgan e’tibor natijasida Yangi O‘zbekiston armiyasi mamlakat qudrati, cheksiz iftixor va sadoqat namunasiga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishi asosida mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekiston armiyasi mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsolidir!” shiori ostidagi harbiy-vatanparvarlik oyligida bu jihatlar yana bir karra o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.
Tantanali tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi murakkab globallashuv davri nainki mamlakatimiz harbiylari, balki keng jamoatchilik, butun xalqimizdan yanada hushyor va ogoh bo‘lishni, yurtimiz kelajagi, farzandlarimiz taqdiriga katta mas’uliyat bilan qarashni taqozo etmoqda. Bu boradagi dolzarb vazifalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023 yil 22 dekabrda bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida alohida ta’kidlangan edi.
– Bolalikdan harbiy bo‘lishni orzu qilardim, – dedi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bo‘lim boshlig‘i, “Shuhrat” medali sohibi, podpolkovnik Nodirjon Istamov. – Bu soha bizlar uchun shunchaki kasb emas, balki umr mazmuni, hayotimizning bosh shioridir.
– Vatan himoyasi azaldan milliy qadriyatlarimizning ajralmas jihati sanaladi, – dedi Mudofaa vazirligi qo‘shinlari tarkibidagi harbiy qism divizion komandiri, mayor Akbar Turdiyev. – Zero, yurtning daxlsizligi, tinchligi, xotirjamligi yigit kishining sha’ni, sharafi, oriyati bilan bevosita bog‘liqdir.
Tantanali tadbir davomida Vatanimiz, tinch va osuda kunlarimiz, istiqlolimiz, mard, burchiga sodiq harbiylarimizni tarannum etuvchi badiiy-musiqiy dastur namoyish etildi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov ishtirok etdi.
Nazokat Usmonova, Rustam Nazarmatov,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA