Avval xabar qilinganidek, Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 maks” dori vositasining qabul qilinishi tufayli norasida 65 nafar bolajonning o‘limi bilan tugagan nohush voqea kuzatildi va jamiyatimizda bu katta rezonans berdi. Ushbu voqelar bilan bog‘liq jinoyat ishiga aloqador mas’ul shaxslar qonun oldida javob bermoqda. Lekin, voqea qurbonlarini endi hayotga qaytarib bo‘lmaydi.

Shuning uchun bugun bunday xolatlarning oldini olishda yurtimizda dori vositalarining kirib kelishi, tasarruf etilishi bilan bog‘liq jarayonlar takomillashtirilmoqda. Xususan, endilikda GMP standarti talabiga javob bermaydigan ishlab chiqaruvchilar dori vositalarining respublika tibbiyot amaliyotiga qo‘llanishiga ruxsat berilmaydigan bo‘ldi. Ayniqsa, dori vositalari tarkibini chuqur tekshirish nazorati kuchaytirildi.

– Bizni laboratoriyamiz dori vositalarining farmakotoksilogik tahlillarini o‘tkazadi, – deydi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi laboratoriya mudiri Mukarram Ergasheva. – Bu sinovlar asosida biz xulosa beramiz. Bu vosita tibbiyotda qo‘llash mumkin yoki mumkin emasligi xususida. O‘sha paytda “Dok-1 maks” tekshiruvida ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan… (davomi videoda)

Aytish kerakki, 2023 yilda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga huquqni muhofaza qilish organlari va tibbiyot tashkilotlari hamda fuqarolar tomonidan dori vositalari va tibbiy buyumlarni ekspertiza qilish yuzasidan 1671 ta murojaat kelib tushgan.

Ushbu murojaatlar asosida taqdim qilingan farmatsevtika mahsulotlari o‘rnatilgan tartibda laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilganda 6 304 turdagi dori vositalarining tibbiyot amaliyotida qo‘llash mumkin emasligi aniqlandi.

Shuningdek, 2288 turdagi dori vositalarining muvofiqlik sertifikatlari mavjud emasligi, 241 turdagi dori vositalari yorliqlash ko‘rsatkichi bo‘yicha nomuvofiqligi, 152 turdagi dori vositalari yaroqlilik muddati o‘tganligi hamda 68 turdagi dorilarning qalbakilashtirilganligi aniqlangan.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra dunyoda inson organizmiga kuchli ta’sir etuvchi 3 milliondan ziyod zaharli moddalar mavjud bo‘lib, dori vositalari tarkibida ularni aniqlash mashaqqatli jarayon. Bu borada xalqimiz salomatligining mustahkam qalqoni bo‘lgan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining moddiy texnik bazasini eng so‘nggi rusumdagi asbob-uskunalar bilan ta’minlashda davlat tomonidan yetarlicha e’tibor qaratib kelinmoqda.

Shu bilan birga farmatsevtika mahsulotlariga aholi o‘rtasida bo‘lgan talab yil sayin ortib bormoqda. Jumladan, joriy yilda 1319 nomdagi farmatsevtika mahsulotlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning 204 nomdagi dori vositasi, 44 nomdagi tibbiy buyum va tibbiy texnikasi shuningdek, xorijiy ishlab chiqaruvchlarning 214 nomdagi dori vositasi, 857 nomdagi tibbiy buyum va tibbiy texnikasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov (video), O‘zA