Prezidentimizning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi nima ishlar qildi?

Bu savolga agentlik axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova javob berdi:

– Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat fuqarolik xizmatida yagona kadrlar siyosatini olib bormoqda. Xodimlarni samarali boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishni  o‘z ichiga olgan Davlat organlarida inson resurslarini tahlil qilish va rejalashtirish bo‘yicha namunaviy yo‘riqnoma hamda Davlat organlari uchun namunaviy kadrlar siyosati ishlab chiqildi.

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamda Latviya Moliya va shartnomalar markaziy agentligi bilan hamkorlikda joriy yilning 5-6 dekabr kuni o‘tkazilgan xalqaro seminarda davlat xizmatida kadrlar siyosati, inson resurslarini strategik rejalashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, ishlab chiqilgan yo‘riqnomalar asosida umumiy konsepsiyani tushuntirish maqsadida joriy yil 20 dekabr kuni  davlat organi va tashkilotlari markaziy apparat hamda hududiy bo‘linmalari kadrlar bo‘linmalari rahbarlari va xodimlari uchun onlayn amaliy seminar o‘tkazildi.

Agentlik tomonidan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi tayyorlandi.

Unda davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilinadigan davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxati, lavozimlarning davlat reyestri, lavozimini egallash uchun tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom, milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi va boshqa masalalar yuzasidan nizom loyihalari nazarda tutilgan.

Hujjat loyihasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilgan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritilgan.

Agentlik tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda davlat fuqarolik xizmatida zaxirani shakllantirish va kadrlar bilan ishlash jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida “HRM-ARGOS”  elektron platformasi ishga tushirildi hamda 2023 yil 1 noyabrdan vazirlik va idoralar hamda ularning quyi tuzilmalarida joriy etildi.

Vazirlik va idoralarning inson resursini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari o‘z faoliyatini ushbu platforma orqali tashkil etib, shaxsiy tarkibga oid buyruq va qarorlar, farmoyishlar hamda kadrga oid shaxsiy ma’lumotlar yagona baza orqali amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda vazirlik va idoralarning quyi hamda tarkibiy tuzilmalari bilan jami 2 ming 672 ta tashkilot hrm.argos.uz platformasiga ulangan bo‘lib, ulardagi 91 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilariga tegishli shaxsiy ma’lumotlar bazasi shakllantirildi.

Davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy kompetensiyalari va alohida xizmatlarini xolis va adolatli baholash, davlat fuqarolik xizmatchilarining malakasini tizimli ravishda oshirish va rag‘batlantirishni ta’minlovchi Milliy “Karera modeli” elektron platformasini joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish yuzasidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan ishlash uchun savolnoma ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralarning vakillaridan iborat Ishchi guruh shakllantirildi. Agentlik tomonidan Milliy “Karera modeli” elektron platformasi loyihasi ishlab chiqildi.

Platformani davlat fuqarolik xizmati sohasiga keng joriy etish maqsadida tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tayyorlanib, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishildi.  Platformani amaliyotga samarali joriy etish maqsadida dastlab respublika ijro hokimiyati organlarida, shu jumladan, ularning hududiy bo‘linmalarida eksperiment o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA