Samarqand davlat tibbiyot universiteti qoshidagi Neyroxirurgiya va neyroreablitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazida ilk bor parkinson kasalligini xirurgik yo‘l bilan davolash yo‘lga qo‘yildi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, parkinson kasalligi hozirgi zamon neyroxirurgiya va nevrologiyasining eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lib, dunyoda har 1000 kishidan 1-3 nafarida kuzatiladi.

Mamlakatimizda shu paytgacha ushbu xastalikka chalingan bemorlar faqat konservativ yo‘l bilan davolangan, jarrohliq amaliyoti bajarilmagan. Neyroxirurgiya va neyroreablitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi shifokorlari esa turkiyalik hamkasblari bilan birga yurtimiz tibbiyotida ilk bor jarrohlik yo‘li bilan parkinson kasalligini davolashga erishdi. Ular besh yildan buyon ushbu kasallik bilan og‘rib kelayotgan 63 yoshli bemorning bosh miyasiga “chip” o‘rnatish orqali uni kasallikdan forig‘ etdi.

– Markazimizda funksional va sterotaksik xirurgiya guruhi tashkil etilib, ular bir qator xorij davlatlarida tajriba va malaka oshirib keldi, – deydi Neyroxirurgiya va neyroreablitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi rahbari Mansur Aliyev. – Mazkur guruh tomonidan ilk bor miyaning chuqur simulyatsiyasi operatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Kelgusida bu turdagi jarrohlik amaliyotlarini muntazam yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz.

Markaz mutaxassislari bilan birga jarrohlik  amaliyotida qatnashgan turkiyalik shifokor Said O‘zturk  bunday noyob operatsiyalar dunyoning barcha davlatlarida ham o‘tkazilmasligini qayd etib, bu mamlakatimiz tibbiyotidagi o‘zgarishlar, tibbiy muassasalarning zamonaviy jihoz va uskunalar bilan ta’minlangani hamda malakali mutaxassislar ko‘payib borayotgani samarasi ekanligini ta’kidladi.

G‘.Hasanov,  

O‘zA muxbiri