Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida ish boshlagan “Beruniy chevarlari” korxonasida imkoniyati cheklangan, kam ta’minlangan 100 nafar xotin-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
– Yangi ochilgan korxonaga ishga qabul qilingan xotin-qizlar tuman bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan kasbga qayta o‘qitildi, – deydi Beruniy tumani hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Roza Masharipova. – Bandligi ta’minlangan 100 nafar xotin-qizning 10 nafari imkoniyati cheklanganlardir.
Korxona binosi oldin Paxta tozalash zavodining eski binosi bo‘lgan. Unga 205 million so‘mlik ta’mirlash ishlari olib borilib, 206 million so‘mlik zamonaviy tikuv mashinalari va boshqa texnikalar keltirib o‘rnatildi.
– Kelgusida korxonamiz faoliyatini yanada takomillashtirish va shu asosda yanada ko‘proq ish o‘rinlari yaratish, shuningdek, mahsulotlarimizni eksport qilishni rejalashtirganmiz, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Nabira Qurbonboyeva.
Korxonada maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va maktab o‘quvchilari, shuningdek, boshqa korxona-tashkilotlar uchun maxsus kiyim-kechaklar tikilmoqda.
Anvar Nasirlayev, O‘zA