Joriy yilning 10 oyi davomida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 85 ming 634 ta murojaatkelib tushgan bo‘lib, ularning 66 ming 69 tasi xorijiy davlatlarga ishga ketish, 18 ming 282 tasi xorijda qiyin ahvolda qolganda x,uquqiy, moddiy va ijtimoiy yordam olish, qolganlari mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq boshqa masalalarda taqdim etilgan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda  Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov sohaga tegishli ma’lumotlarni taqdim etdi.

Mutaxassis ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan 2022 yilning 10 oyi davomida 178 mingdan ortiq murojaat kelib tushgani inobatga olinsa, joriy yilda bu raqam, ya’ni yurtdoshlarimizning tashqi mehnat migratsiyasi masalalaridagi murojaatlari soni 48 foizga kamaygan. Murojaatlar asosida xorijda ishlash istagida bo‘lgan yurtdoshlarimizning 35 ming 381 nafariga tashkiliy va manzilli tarzda ishga joylashishga ko‘maklashilgan. Xorijda ishlayotgan 8 ming 667 nafariga huquqiy, 7  ming 141 nafariga ijtimoiy va 2 ming 474 nafariga jami 71  ming 400 AQSH dollari miqdorida moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Xorijda qiyin ahvolda qolgan 76 nafar yurtdoshimiz vaqtinchalik xostellarga joylashtirilgan bo‘lsa, og‘ir ahvolga tushib qolgan 443 nafar yurtdoshimiz Vatanga qaytarilgan. 1 ming 710 nafar o‘zbekistonlik fuqaroning ish beruvchi tomonidan to‘lanmayotgan ish haqi, 98 nafarining esa kompensatsiya to‘lovlari shaklidagi jami 1 million 200 ming AQSH dollari miqdoridagi pullari undirib berilgan.

Bundan tashqari, Bandlik organlari bilan birgalikda xorijda ishlash istagida bo‘lgan 49 ming 47 nafar fuqaro kasb-hunar va chet tillariga o‘qishga jalb qilingan, ulardan o‘qish jarayonlarini yakunlagan 28 ming 717 nafari xorijiy ish beruvchilar tanloviga jalb qilib kelinmoqda.

Shu o‘rinda, xorijda ishlayotgan va xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar 24 soat uzluksiz ishlashi yo‘lga qo‘yilgan “1282” qisqa raqami va ish vaqti davomiyligida ishlaydigan 71 kod bilan 200-00-61 telefon raqami hamda “Labour Migration” dasturiy majmuasi orqali onlayn murojaat qilishi mumkin.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA