Ma’lumki, dunyo miqyosida energiya iste’moli masalalari energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha davlat siyosati va maxsus dasturlar orqali amalga oshirib kelinmoqda. Bugungi kunda sanoat sektori dunyodagi yillik birlamchi energiya iste’molining qariyb 40 foizini tashkil qiladi. Bu yo‘nalishda ISO 50001 xalqaro standarti qabul qilingan bo‘lib, u energiya samaradorligi masalalarini tartibga soladi.

Energiya resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan jarayonlar majmui – energiya samaradorligiga beriladigan birlamchi ta’rifdir. Binolarning energiya ta’minoti yoki ishlab chiqarish jarayonlari uchun kamroq energiya sarflash evaziga kerakli natijaga erishish samaradorlik ko‘rsatkichi hisoblanadi.

O‘zbekiston miqyosida ham iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya tejamkorligini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2019 yil 22 avgustdagi  “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi tomonidan Janubiy Koreyaning 2,3 million dollarlik grant mablag‘lari hisobiga “O‘zbekiston Respublikasida konditsionerlarning energiya samaradorligini baholash sinov laboratoriyasini tashkil etish” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha natijasida energiya sarfi yuqori bo‘lgan konditsioner mahsulotlarini muomalaga chiqarilishining oldini olish orqali mamlakatimiz iqtisodiyotining energiya sarfi hajmini qisqartirish, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan hamda import tarzida kirib keladigan konditsionerlarning energiya samaradorligini baholash imkoniyati yaratiladi. Shu bilan bir qatorda, mahalliy korxonalar va tadbirkorlik sub’ektlarining mahsulotlari sifatini yaxshilash, raqobatbardoshligini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishga erishiladi.

Markazning Piskent tumanida joylashgan sinov laboratoriyalar majmuasi xalqaro talablarga muvofiq ravishda ta’mirlanib, zarur bo‘lgan sinov jihozlari va o‘lchash vositalari olib kelindi. Shuningdek, 5 nafar mutaxassis Koreya Respublikasida konditsionerlarning energiya samaradorligini baholash laboratoriyalarida o‘z malakasini oshirgan bo‘lsa, ushbu yo‘nalish va muvofiqlikni baholash tizimi bo‘yicha tashkillashtirilgan o‘quv-treninglarda ikki mamlakat mas’ullari o‘zaro tajriba almashdi.

Bundan tashqari, sinov laboratoriyalari tomonidan rasmiylashtirilayotgan xulosalarni xalqaro darajada tan olinishiga erishish maqsadida loyiha doirasida xalqaro ISO 5151 standartini amaliyotga joriy etish bo‘yicha O‘zDst ISO 5151 standarti ham qabul qilindi.

“O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi hamda Janubiy Koreyaning “KCL” kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan “Energiya samaradorlik tizimini rivojlantirish, texnik jihatdan tartibga solish, muvofiqlikni baholash sohalarida xalqaro tajriba” mavzusidagi qo‘shma seminar aynan shu yo‘nalishning istiqbollariga bag‘ishlandi.

Seminar doirasida “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi hamda Janubiy Koreya Respublikasining “Korea Conformity Laboratories” tashkiloti o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumga asosan, muvofiqlikni baholash sohasida olib borilgan sinov natijalari o‘zaro tan olinishini ta’minlash maqsadida ikki tomonlama solishtiruv sinovlarini olib borish, xodimlar malakasini oshirish yuzasidan qo‘shma seminarlar o‘tkazish, Koreya laboratoriyalarida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyalarini tashkil etish, ulardan foydalanish bo‘yicha ikki davlatning texnologiya va innovatsiyalarini hamkorlikda amaliyotga joriy qilish, mahsulotlarning energiya samaradorligini baholash sohasida axborot, bilim va mutaxassislar almashinuvi hamda uzoq muddatli hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan.

Natijada mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan hamda chetdan import tarzida kirib kelayotgan konditsionerlarning energiya samaradorligini to‘liq baholash imkoniyati vujudga keladi. Bu orqali, eksportga mahsulot chiqaradigan mahalliy korxonalar qo‘llab-quvvatlanadi va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksport faoliyatidagi ishtiroki har tomonlama rag‘batlantiriladi.

– Dunyoning ko‘plab davlatlarida energiya samaradorligi va tejamkorligiga erishish iqtisodiyotning asosiy mavzusiga aylanib ulgurdi. Shuning uchun, respublikamizda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oid o‘nlab yirik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda, – deydi Texnik jihatdan tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Hojikariyev. –Seminarda energiya samaradorlikni nazorat qilish va boshqarish tizimi, xalqaro talablar asosida energiya samaradorlikni baholash bo‘yicha texnik reglamentni ishlab chiqish va ularni amaliyotga joriy etish masalalari, eksportyorlar uchun yaratilgan qulayliklar va imkoniyatlar muhokama qilindi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA