Yevropa parlamenti deputati, O‘zbekiston bo‘yicha ma’ruzachi Ilxan Kyuchyukka Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faxriy doktori unvonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda YeI Delegatsiyasi rahbari, elchi Sharlotta Adrian va Yevropa qo‘shnilik kengashi boshqaruvchi direktori Samuel Doveri ham ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev mehmonlarni yig‘ilganlarga tanishtirar ekan, ular mamlakatimizning azaliy do‘stlari ekani, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shayotganini alohida ta’kidladi.

– Talabalar va o‘qituvchilar bilan uchrashish, jamoa ko‘z o‘ngida universitet faxriy doktori unvonini qabul qilib olish men uchun katta sharaf, – dedi Ilxan Kyuchyuk. – O‘zaro aloqalar yaxshilash, jumladan ilm-fan yo‘nalishini rivojlantirishga hissa qo‘shishda davom etaman.

Yevroparlament deputati YeI va O‘zbekiston hamkorligi istiqboliga to‘xtalib, umumiy sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga qaratilgan muhim vazifalarni sanab o‘tdi.

Uchrashuv yakunida talabalar Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuv, ta’lim almashinuvi dasturlari, nogironlar huquqi kabi dolzarb mavzularga oid ko‘plab savollariga mehmonlardan batafsil javob olishdi.

G‘.Xonnazarov,

O‘zA