Davlatimiz rahbari insulin ishlab chiqaradigan korxonada bo‘ldi

Prezidentimiz 2017-yil 2-3 iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida yangi sanoat korxonalari barpo etish, xususan, dori-darmon ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Davlatimiz rahbarining ko‘rsatmalari ijrosini ta’minlash maqsadida “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankining moliyaviy ko‘magi asosida Andijon tumanidagi “Zamin Bio Health” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan insulin dori vositasi ishlab chiqarish korxonasi barpo etilib, ishga tushirildi.

885e1b1f-e92b-6e63-cd0a-33d28c348c2b.jpg

Andijon tumanidagi Xartum qishlog‘ida joylashgan, hududi qariyb 1,5 gektar maydonni egallagan bu zavod Markaziy Osiyoda yagona bo‘lib, asosan insulin ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxona yiliga 10 million flakon dori vositasi ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, mutasaddilar bilan muloqot qildi.

Ayni paytga qadar insulin yurtimizga chetdan keltirilgan. Zavodning ishga tushirilishi bilan ushbu dori vositasi importi xajmi kamayadi, valyuta tejaladi, qolaversa, narx pasayadi. Masalan, hozirgi paytda bir flakon insulinning bozor narxi 36 ming so‘m bo‘lsa, mazkur korxona bu dorini 20 ming so‘mdan yetkazib berishi mumkin.

Umumiy loyiha qiymati qariyb 28 milliard so‘m bo‘lgan ushbu zavodga Germaniya, Fransiya, Shveysariya, Xitoy, Hindistondan zamonaviy uskuna va texnologiyalar olib kelib o‘rnatildi. Insulinni sifatli, xalqaro standartlar talablari darajasida tayyorlash bo‘yicha zarur barcha ishlar bajarildi.

e401965f-4de2-f2ff-3b8a-93d92e7442d8.jpg

Mahsulotning 30 foizi mamlakatimiz ichki bozori ehtiyojini qoplaydi, qolgan qismi, ya’ni yiliga 2 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot Qirg‘iziston, Qozog‘iston va boshqa davlatlarga eksport qilinadi.

Zavod ishga tushishi bilan 100 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Ularning 20 dan ortig‘i kollej bitiruvchilaridir.

Bu juda dolzarb ijtimoiy ahamiyatga ega masala, dedi Shavkat Mirziyoyev. Insulinga ehtiyoji bor bemor dori topolmasa, hayoti xavf ostida qoladi, chorasini ko‘rmagan deb bizdan norozi bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari korxona mahsuloti sifatli bo‘lishini ta’minlash, buning uchun bu yerda ishlayotgan mutaxassislarning xorijdagi turdosh korxonalarda doimiy malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

Prezidentimiz mahalliy ishlab chiqaruvchilar bozorga kirib, raqobatbardosh bo‘lguncha ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, dori substansiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazishda ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shu yerda Bio Health” mas’uliyati cheklangan jamiyatida kukunli antibiotik ishlab chiqarish, viloyatda farmatsevtika sanoatiga oid boshqa loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

2b532686-2624-b04e-c7c1-fcf55cea89e9.jpg

 

Ziyodulla Jonibekov, Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA