Yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masalalardan tashqari Prezident vazirlik, hokimlik va idoralardagi ijro intizomi holatiga to‘xtalib o‘tdi.

–Ko‘rib turibsizlar, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida juda katta islohotlarni amalga oshirayapmiz. Hech bir soha e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Lekin, islohotlar “qog‘ozda” qolib ketmasligi kerak. Vazirlik va tarmoq rahbarlari, hokimlar joylarda ularning ijrosini so‘zsiz ta’minlashi shart, – dedi davlatimiz rahbari.

Muhim topshiriqlar ijrosida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani, ba’zi rahbarlar raqam ortidan quvib, sifat, samaradorlik va talabchanlikni unutib qo‘yayotgani qayd etildi.

Ayrim vazirlar va hokimlarga ularning tizimi va hududlarida ijro holati qoniqarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ijro intizomini qattiq nazorat qilish, xorijiy davlatlar bilan ko‘p qirrali hamkorlik bo‘yicha tasdiqlangan “yo‘l xaritalari”ning birorta bandi ijrosini kechiktirmasdan ta’minlash shartligi haqida ogohlantirildi.

Yig‘ilish davomida mutasaddilarning axboroti tinglandi.

O‘zA