Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Shadurdi Meredovni qabul qildi.

Uchrashuvda tarixi, an’analari, qadriyatlari mushtarak O‘zbekiston va Turkmaniston hamkorligining keng doirasi, jumladan, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy gumanitar hamda parlamentlararo munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Davlatlararo munosabatlarda parlament diplomatiyasining o‘rni muhimligidan kelib chiqib, parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.

Xususan, ikki mamlakat o‘rtasida erishilgan barcha darajadagi kelishuvlarning parlament nazorati doirasida ijrosini ta’minlashga ko‘maklashish, qo‘mitalar o‘rtasida qonun ijodkorligi yo‘nalishida o‘zaro tajriba almashish, yosh parlamentariylar o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.

Ma’lumki, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarda iqtisodiy hamkorlik muhim o‘rin tutadi va 2022 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb bir milliard dollarni tashkil qildi. Shunga qaramasdan ikkala tomonda ham bu boradagi ko‘rsatkichni oshirish uchun yetarli imkoniyat va salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Buning uchun Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiya faoliyatidan samarali foydalanish, shuningdek, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish lozim.

Madaniy-gumanitar hamkorlik doirasida ikki mamlakatda ham madaniyat kunlari tashkil etilmoqda. Uchrashuvda ikki xalqning madaniy va ma’naviy yaqinlashuviga imkoniyat yaratadigan, davlatlararo gumanitar munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan loyihalarni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.

Shuningdek, gender tenglik masalalarida faol hamkorlik olib borish, mamlakatlar o‘rtasida turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

 

N.Abduraimova, O‘zA