Islom – yengillik dini. Mo‘min-musulmonlar zimmasiga ularning toqatidan ortiq narsa yuklanmaydi. Salomatligi yoki boshqa sabablar bilan Ramazon ro‘zasini tuta olmaydigan kishilar ham oramizda bor. Xo‘sh, ular kimlar?
Muqaddas dinimizda quyidagi shaxslarga ro‘za tutmaslikka ruxsat berilgan:
- kasal kishi. Ro‘za tutgan kishi kasalligining kuchayishidan yoki tuzalishi cho‘zilib ketishidan yoxud biror a’zosiga zarar yetishidan qo‘rqsa, u ro‘za tutmasligi mumkin. Bemor tuzalganidan so‘ng Ramazon oyida tutmagan ro‘zaning qazosini tutib beradi;
- safardagi kishi. Safardan murod namoz qasr o‘qiladigan uzoqlikdagi masofa ko‘zda tutiladi. Agar musofirga ro‘za tutish mashaqqat bo‘lmasa, uning ro‘za tutgani yaxshi. Tong otgandan so‘ng safarga chiqilsa, o‘sha kungi ro‘zani buzmagan ma’qul. Musofir safarda tutolmagan ro‘zasini keyin tutib beradi;
- homilador va emizikli ayol. Faqihlar homilador yoki emizikli ayol ro‘za tufayli o‘ziga yoxud farzandiga zarar yetishidan qo‘rqsa, ro‘za tutmasligi mumkinligiga ittifoq qilishgan;
- keksa kishilar. Bular safiga keksayib quvvatdan qolgan kishilar, tuzalishiga umid qolmagan bemorlar, kampirlar kiradi. Bunday kishilar keyinchalik ham ro‘za tuta olmaganlari sababli qazo qilmaydilar, balki ro‘za tutmagan har bir kun uchun fidya berishadi. Eslatib o‘tamiz, bu yilgi fidya miqdori doimiy uzr bilan ro‘za tutolmaydigan kishilar uchun bir och odamning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib, o‘rtacha 12 000 (o‘n ikki ming) so‘m, deb belgilandi.
- o‘ta qattiq ochiqqan va chanqagan kishi. Agar ro‘zador ro‘zasini ochmasa, halok bo‘lishiga yoki hushidan ketishiga yoxud ba’zi sezgi a’zolari ishlamay qolishiga aniq ishonsa, ro‘zasini ochishi mumkin. So‘ng ana shu tutmagan kunlari ro‘zasining qazosini o‘tashi lozim;
- hayz va nifos ko‘rgan ayollar. Hayz va nifosdagi ayollar ro‘za tutishlari mumkin emas. Ular poklanganlaridan so‘ng ro‘zaning qazosini tutib berishadi.
Tolibjon Nizomov