Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan hamkorlikda tajribali ekspertlarni jalb qilgan holda ochiq tanlovlar jarayonida nomzodlarning bilimini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari uchun mo‘ljallangan yagona “Davlat fuqarolik xizmatchisi” test savollari to‘plami ishlab chiqildi.

Test savollari to‘plami milliy qonunchilik, davlat tili, axborot kommunikatsiya texnologiyalari, mantiq ( IQ) yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi.

Test sinovi davomida nomzodga yuqoridagi har bir yo‘nalish bo‘yicha 10 tadan jami 40 ta savol havola etiladi hamda javoblarni belgilash uchun 60 daqiqa vaqt beriladi. (Avvalgi tartibga ko‘ra 40 ta savolga 50 daqiqa vaqt ajratilgan.)

Savollar to‘plami 2 ta vazirlik va 2 ta hokimlik tizimida aprobatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lib, tashkilotlarning inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari rahbarlari, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilari va nomzodlarning takliflari asosida yanada takomillashtirildi.

Testlar to‘plamidagi savollar bosqichma-bosqich Davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarining yagona ochiq portali – vacancy.argos.uz platformasiga joylashtirib boriladi. Testlar to‘plamidagi savollar tarkibi muntazam ravishda yangilab boriladi.

Shuningdek, joriy yilning 1 dekabridan boshlab, tanlovlarning test sinovi bosqichiga yagona o‘tish balli belgilanadi.

Bunda nomzod tomonidan 56 ball to‘plangan taqdirda avtomatik ravishda uning portaldagi shaxsiy kabinetiga tanlovning suhbat bosqichiga o‘tganligi haqidagi xabar keladi.

Yana bir muhim yangilik. Endilikda nomzodlar tomonidan test sinovi jarayonida 56 ball to‘plangan taqdirda, ular 3 oy davomida tanlovlarning test sinovi bosqichida ishtirok etishlari shart bo‘lmaydi.

Ya’ni 1 dekabr kuni test sinoviga kirib, 56 ball to‘plagan nomzod 3 oy davomida shu ball bilan  boshqa vakant lavozimlar uchun tanlovlarda ishtirok etishi mumkin.

Bunda nomzod hujjatlari malaka talablariga javob bergan taqdirda avtomatik suhbat bosqichiga o‘tgani yuzasidan xabar oladi. 55 ballgacha to‘plagan nomzod o‘rnatilgan tartibda test sinovida qatnashishi shart bo‘ladi.

                                                                                                                                               O‘zA