O‘zbek kinoijodkorlari Hollivudga boradi

Ayni paytda bir guruh kinoijodkorlarning AQSHning Los Anjeles shahri, Hollivud kino shaharchasida joylashgan “Universal Studios” kinokompaniyasi bilan tajriba almashish yuzasidan aloqa o‘rnatildi.
Yurtimizda kinemotografiyaga berilayotgan e’tibor, ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga oid amalga oshirilayotgan ishlar xususiy kinostudiyalar faoliyatini yanada rivojlantirish, kinostudiyalarning davlat grantlari asosida suratga olinadigan kinoloyihalarda ishtirok etishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“O‘zbekkino” milliy agentligining xalqaro aloqalarni rivojlantirish xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda bir guruh kinoijodkorlarning AQSHning Los Anjeles shahri, Hollivud kino shaharchasida joylashgan “Universal Studios” kinokompaniyasi bilan tajriba almashish yuzasidan aloqa o‘rnatildi. Ular kinokompaniyaning qisqa o‘quv kurslarida malaka oshiradi. O‘quv kursi davomida maxsus o‘quv filmini suratga olish ham rejalashtirilgan. Ushbu film xorijiy safardan qaytib kelingandan so‘ng, montaj jarayonidan o‘tib, kino san’atiga qiziqayotgan yurtimiz yosh ijodkorlariga namoyish etiladi.
Bu sa’y-harakatlar joriy yil may–iyun oyida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Uzoq yillar AQSH va O‘zbekiston kinosanoatida bevosita hamkorlik bo‘lmagan bo‘lsa-da, bu mamlakat kinemotografiyasidagi yutuqlardan ijodkorlarimiz ko‘p narsani o‘rganib kelgan. Mazkur loyiha kelgusidagi mustahkam aloqalarning debochasi bo‘lishi shubhasiz.
Bu hamkorlik kinoijodkorlarimiz salohiyatini oshirish, bilimini boyitish, yangi, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishni chuqur o‘rganishida qo‘l keladi.

 

Barno Meliqulova, O‘zA