Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 oktyabr kuni gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalar ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Gidro elektr stansiyalar kunlik energiyani barqaror taʼminlashda eng samarali vosita. Ulardan olinadigan elektr tannarxi ham boshqa manbalarga nisbatan ancha arzon. Shu bois bu sohani rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Dastlabki oʻrganishlarga koʻra, yurtimizdagi gidroenergetika salohiyati 8 ming Megavattni tashkil qiladi. Lekin hozir buning 2 ming 200 Megavatti ishlatilmoqda xolos. Sohaga xorijiy investitsiya va xususiy sektorni jalb qilib, 2030-yilga qadar jami quvvatlarni 6 ming Megavattga yetkazish belgilangan.

Buning uchun huquqiy, iqtisodiy sharoitlar yaratilgan. Jumladan, kichik va mikro GESlarni qurish istagidagi tadbirkorlarga yerlarni 20 yil muddatga ijaraga berish, ular ishlab chiqargan elektrni davlat tomonidan kafolatli sotib olish tizimi joriy qilingan.

Yigʻilishda sohadagi loyihalarning hozirgi holati koʻrib chiqildi.

Bu yil 20 ta, 2024-yilda 38 ta kichik va mikro GES qurish rejalashtirilgani, lekin ayrim loyihalar kechikayotgani qayd etildi. Viloyat hokimlari yaqin oylarda bu yilgi 20 ta stansiya ishga tushirilishi haqida axborot berdi.

Shuningdek, “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan jami quvvati 197 Megavatt boʻlgan 7 ta yirik GES foydalanishga topshiriladi. Buning  hisobiga elektr ishlab chiqarish 7 milliard kilovatt-soatga yetkaziladi.

Davlat rahbarining topshirigʻiga koʻra, mutaxassislar tomonidan gidroenergetikada qoʻshimcha 1 ming Megavattlik zaxira aniqlangan. Misol uchun, Norin daryosiga kaskadlar qurib, 230 Megavattlik quvvatlarni ishga tushirish va Namangandagi 450 ming aholiga yetarli elektr ishlab chiqarish mumkin.

Kelgusi yilda quyosh va shamol elektr stansiyalari quvvati 3,5 ming Megavattga yetadi. Bunda, elektr asosan kunduz kuni ishlab chiqarilishi hisobiga, energetika tizimida rostlovchi quvvatlarga ehtiyoj ortadi. Shu bois davlatimiz rahbari 2030-yilni kutmasdan, rejadagi 6 ming Megavattlik stansiyalarni qurish boʻyicha besh yillik dastur ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi. Loyihalarga xususiy sheriklik asosida xorijiy energetika kompaniyalarini jalb qilish zarurligi aytib oʻtildi.

Maʼlumki, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari Prezidentimizning doimiy diqqat markazida boʻlib turibdi. Yigʻilishda energetika tizimidagi shu boradagi ishlarga toʻxtalib oʻtildi.

Soʻnggi besh yilda mazkur tarmoq va transformatorlarni modernizatsiya qilishga 4 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratildi. Joriy yilda Toshkent shahridagi energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish boʻyicha katta dastur boshlandi.

Shuningdek, har bir viloyatda kuz-qishni betalafot oʻtkazish uchun kamida 10 milliard soʻmdan zaxira shakllantirilmoqda. Bu mablagʻalar evaziga transformator, sim va boshqa ehtiyot qismlar yangilab boriladi.

Umuman, hududlardagi 33 mingta transformator va 122 ming kilometr elektr tarmoqlari eskirgan. Bu holat, ayniqsa, Toshkent, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida koʻp. Joriy yilning 9 oyida jami ishlab chiqarilgan elektrning 12 foizi yoʻqotilgan.

Shu bois eskirgan transformator va tarmoqlarni yangilash, elektr yoʻqotishlarini yiliga 1-2 foizdan kamaytirib borish zarurligi taʼkidlandi.

100 mingdan oshiq ulgurji isteʼmolchi hamda 648 mingta yangi xonadon elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanmagani qayd etilib, bu borada tegishli koʻrsatmalar berildi.

Ayrim hududlarda qozonxona va issiqlik tarmoqlarini taʼmirlashda qoloqliklar borligi aytib oʻtildi. Ijtimoiy soha muassasalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash holati ham yaxshi emas. Energiya sarfi yuqori boʻlgan qozonlarni yangilash rejasi tibbiyot muassasalarida 62 foizga, bogʻchalarda 54 foizga, maktablarda 40 foizga bajarilgan, xolos.

Mutasaddilarga taʼmirlash va modernizatsiya ishlarini jadallashtirishga barcha kuch va vositalarni safarbar qilish boʻyicha topshiriq berildi.

Shuningdek, kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha muassasalari ehtiyoji uchun koʻmir yetkazib berish masalalariga toʻxtalib oʻtildi. Bu borada qoʻshimcha zaxira yaratish, xususiy sektorni ham jalb etish muhimligi qayd etildi.

Aholi ehtiyoji uchun yetkazib berilgan koʻmirni yuqori narxlarda noqonuniy sotib yuborish va talon-toroj qilishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha qatʼiy koʻrsatma berildi.