Ayni kunlarda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida Butunjahon jangovar sport o‘yinlarining navbatdagi musobaqalari o‘tkazilmoqda. 120 dan ziyod davlatdan 1600 nafarga yaqin sportchi ishtirok etayotgan III Butunjahon jangovar sport o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari 8 ta sport turida vatanimiz sharafini himoya qilmoqda.

Bugungacha “World combat games” o‘yinlarida bir qator sport turlari bo‘yicha musobaqalar poyoniga yetdi. Yakunlangan sambo musobaqalarida hamyurtlarimiz 2 ta oltin, 3 ta kumush, 1 ta bronza medaliga ega chiqqan holda O‘zbekiston sport delegatsiyasining umumiy medallari soni 6 taga yetishini ta’minladi.

Kecha shuningdek, boks, karate, ushu, sumo sport turlaridagi bir qator yo‘nalishlarda bahslar yakunlandi.

Bugun, 22 oktyabr kuni o‘yinlar doirasida o‘tayotgan ushu bahslarida terma jamoamiz a’zosi Darya Latisheva medallar uchun kurashga kirishadi.

Ortda qolgan musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, mustaqil sportchilar jamoasi sifatida qatnashayotgan jamoa 7 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan 120 dan ziyod davlat jamoalari orasida yetakchilik qilmoqda. Ulardan keyingi o‘rinda borayotgan Ukraina jamoasi 6 ta oltin, 3 ta kumush medalga, Saudiya Arabistoni 3 ta oltin, 6 ta kumush, 4 ta bronza medaliga, Bahrayn 3 ta oltin, 1 tadan kumush-bronza bilan 4-o‘rindan joy olgan.

O‘zbekiston sport delegatsiyasi 6 ta medallar jamlanmasi bilan umumjamoa ro‘yxatida 5-o‘rinni egallab turibdi.

Eslatib o‘tamiz, 30 oktyabrga qadar davom etadigan “World combat games” o‘yinlarida O‘zbekistonning 44 nafar sportchisi 8 ta sport turida qatnashmoqda. Bu galgi kompleks musobaqalar 16 sport turining 25 ga yaqin yo‘nalishlarida o‘tkazilmoqda.

T. Ro‘ziyev, O‘zA