Osiyo futbol konfederatsiyasining navbatdan tashqari kongressida yaqinda O‘zbekistonda o‘tkazilgan konferensiyaning yuqori darajada tashkil etilgani e’tirof etildi.

Unda ishtirok etgan FIFA prezidenti Janni Infantino hamda OFK rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim Al Halifa Osiyo qit’asi ko‘plab FIFA musobaqalari va futbol tadbirlariga mezbonlik qilishda tashabbus namoyish etayotganini yuksak baholadi. Xususan, joriy yil Indoneziyada o‘tadigan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati, Saudiya Arabistoni mezbonligidagi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati, BAA mezbonligidagi sohil futboli bo‘yicha jahon chempionati va 2024 yil mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan futzal bo‘yicha jahon chempionati musobaqalarini yuqori saviyada o‘tishiga ishonch bildirildi.

OFK rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim Al Halifa OFKga a’zo assotsiatsiyalar nomidan 2034 yilgi jahon chempionatini o‘tkazishda Saudiya Arabistonining taklifini qo‘llab-quvvatlash istagini bildirdi.

Kongressda 2022 yil uchun auditorlik hisobotlarni sarhisob qilish, 2023-2024 yilgi moliyaviy byudjetni tasdiqlash va OFKning yuridik yo‘nalishlari bo‘yicha yangi a’zolarni saylash masalalari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish davomida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Yuridik bo‘lim boshlig‘i Umidjon Olimjonov OFKga a’zo bo‘lishni nazorat qilish organining rais o‘rinbosari lavozimiga saylandi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA