2020 yilda qabul qilingan “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun bilan sohaga oid tartib-taomillar takomillashtirildi.

Ma’muriy funksiyalarni nomarkazlashtirish, maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalarining vakolatlarini kengaytirish orqali ularning faoliyatini boshqarish mexanizmi soddalashtirildi.

Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga qator imtiyoz va preferensiyalar berildi. Kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab 3 yildan 10 yilgacha soliq va bojxona imtiyozlari davlat tomonidan kafolatlangan.

Joriy yil 1 sentyabriga qadar maxsus iqtisodiy zonalar 39,1 trillion so‘mlik 620 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 56 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgan. Xorijiy investitsiyalar hajmi 11 trillion so‘mni tashkil qilgan.

Bu raqamlar Oliy Majlis Senati kengashi majlisida maxsus iqtisodiy zonalar faoliyati samaradorligi va ularga xorijiy investitsiyalar jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari muhokamasi jarayonida qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini huquqiy jihatdan ta’minlash, xorijiy hamda mahalliy investitsiyalarni jalb etishda soliq va bojxona imtiyozlarini qo‘llash borasida maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda.

Muhokama jarayonida investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi ijobiy ishlar bilan bir qatorda mazkur yo‘nalishda uchrayotgan kamchilik va muammolarga ham e’tibor qaratildi.

Jumladan, qonunchilik hujjatlarida bojxona imtiyozlaridan foydalangan holda import qilinadigan xomashyo, materiallar va butlovchi qismlardan tayyorlangan mahsulotlarni eksport qilish muddatlari belgilanmagan. Natijada ayrim korxonalar bojxona imtiyozlaridan foydalansa ham import xomashyosidan ishlab chiqargan mahsulotlarini eksport qilmagan.

Zonalardagi yer maydonlariga investitsiya loyihalarini joylashtirish, shu jumladan, yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdoga chiqarish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan.

Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan shartlashilgan investitsiya majburiyatlari o‘z muddatida bajarilmasligi natijasida maxsus iqtisodiy zonalar hududida ajratilgan yer maydonlaridan foydalanilmaslik holatlari ham mavjud.

Tizim ishtirokchilarining raqobatdosh, eksportbop va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi, shuningdek, ushbu mahsulotlarning eksport salohiyatini kengaytirish va valyuta tushumlari miqdorini ko‘paytirish borasidagi ulushi pastligicha qolmoqda.

Maxsus iqtisodiy zonalarning infratuzilma bilan ta’minlanganlik darajasini yaxshilash bo‘yicha belgilangan tadbirlarning ijrosi to‘liq ta’minlanmagan.

Senatorlar tizim faoliyatini yanada takomillashtirish va ularga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan qator takliflarni bildirdi. Jumladan, ishtirokchilarga tabaqalashtirilgan imtiyoz va preferensiyalarni qo‘llash, bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozdan foydalangan holda import qilingan xomashyo, materiallar va butlovchi qismlardan tayyorlangan mahsulotlarni eksport qilish muddatini belgilash lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, “yagona darcha” tamoyili asosida barcha turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish, investitsiya loyihalarini monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish, oliy ta’lim muassasalari talabalarining ishlab chiqarish amaliyotini zonadagi korxonalarda o‘tashi yuzasidan alohida qo‘shma dasturlar ishlab chiqish maqsadga muvofiq ekani aytib o‘tildi.

 

N.Abduraimova, O‘zA