O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash, oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish, ularning bandligiga ko‘maklashish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Natijada xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligi, soha va tarmoqlardagi ulushi ortib bormoqda. Bugungi kunda tibbiyot sohasida mehnat qilayotganlarning 77 foizini, ta’lim sohasida esa 74 foizni xotin-qizlar tashkil etmoqda. Iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida bu ko‘rsatkich 46, boshqaruv sohasida 33, partiyalar safidagi ulushi 47 foizga yetgan.

Oliy Majlis Senati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda uning ixtisoslashgan tuzilmalari hamkorligida tashkil etilgan O‘zbekistonda gender tengligi bo‘yicha Barqaror rivojlanish maqsadlariga oid muloqotda shu haqda gap bordi.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan yangi qonun qabul qilinganini qayd etdi. Oilaviy zo‘ravonlik, ta’qib etish, shahvoniy shilqimlik kabi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarliklar belgilandi.

Tadbirda keyingi olti yilda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, oila institutini mustahkamlashga qaratilgan 40 dan ziyod qonun hujjati qabul qilingani e’tirof etildi. Shu jumladan, 2030 yilga qadar O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash strategiyasining ahamiyati, ularni amalga oshirish bo‘yicha Milliy dastur va chora-tadbirlar rejalarining ijrosi ishtirokchilar e’tibor markazida bo‘ldi.

Sohada olib borilayotgan islohotlar qator xalqaro reyting agentliklari tomonidan ham yuqori baholandi. Xususan, “Open Data Watch” tashkilotining Ochiq gender ma’lumotlari indeksida O‘zbekiston 69,7 ball bilan 195 ta davlat orasida 18-o‘rinni qayd etib, “Top-20” talikdan joy oldi.

Tadbir yakunida O‘zbekistonda gender tenglikka erishish bo‘yicha yangi yondashuvlar, g‘oyalar va tashabbuslar yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

N.Abduraimova, O‘zA