Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida avtotransport vositalari harakatini yanada tartibli tashkil etish hamda nazorat tartibotlarini soddalashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, 2024 yil 1 yanvardan boshlab respublikaga kirib kelayotgan va tranzit harakatlanayotgan avtotransport vositalarini davlat nazoratidan o‘tkazishda, chegara o‘tkazish punktlarida undirilishi belgilangan yig‘imlarni bojxona hududida to‘lash tizimi yaratiladi. (Chet davlatlar avtotransport vositalarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirganligi va uning hududi orqali tranziti uchun yig‘im hamda bojxona hamrohligida kuzatib borish uchun bojxona yig‘imi bundan mustasno).

Yig‘imlar avtotransport vositalari O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktini kesib o‘tganligi tasdiqlangan kundan boshlab quyidagi muddatlar ichida to‘lanishi lozim:

bojxona nazoratidagi tovarlar yuklangan avtotransport vositalari uchun – bojxona organlari tomonidan belgilangan yetkazib berish muddati doirasida;

qolgan barcha holatlarda 10 kalendar kun davomida.

Yig‘imlar ular hisoblangan kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan valyutalarning rasmiy ayirboshlash kursi va (yoki) ushbu kundagi bazaviy hisoblash miqdori bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasida to‘lanadi.

Yig‘imlarni to‘lash muddatlari buzilgan taqdirda, ularni to‘lash bo‘yicha majburiyat bajarilmagan har bir kechiktirilgan kun uchun penyalar to‘lanmagan yig‘imlar summasidan kelib chiqib foizlarda belgilanadi. Penyaning foiz stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining shu davrda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasining uch yuzdan biriga teng etib qabul qilinadi.

To‘lanmagan yig‘imlari hamda ularga hisoblangan penyalari mavjud avtotransport vositalarining respublika hududidan olib chiqilishi va harakatlanishi taqiqlanadi.

Yig‘imlarni to‘lash muddatini bir kalendar yil davomida bir marotaba buzgan shaxslarga yig‘imlarni bojxona hududida (chegara bojxona postlaridan tashqari) to‘lash imkoniyati taqdim etilmaydi.

Yig‘imlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud avtotransport vositalari respublika hududidan olib chiqilayotganda, qarzdorlik summalari to‘liq undirib olingandan so‘ng chiqarib yuboriladi.

O‘zA