Chorrahalarda svetoforning sariq chirog‘i yongan vaqtida harakatlanishni boshlash odat tusiga aylanib qolgan. Haydovchilarning aksariyati sariq chiroqni harakatlanishga ruxsat chirog‘i deb tushunadi. Xo‘sh, aslida svetoforning sariq chirog‘ida harakatlanish qoidabuzarlik sanaladimi?

Mazkur savol yuzasidan  Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati xodimi Oybek Rahmonov quyidagilarni ma’lum qildi.

– Yo‘l harakati qoidalarining 31-bandiga ko‘ra, svetoforning sariq ishorasi harakatlanishni taqiqlashi ko‘rsatilgan. Miltillovchi sariq ishora ehtiyotkorlik choralarini ko‘rgan holda harakatlanishga ruxsat beradi va tartibga solinmagan chorraha yoki piyodalar o‘tish joyi borligidan xabardor qiladi, xavf-xatar haqida ogohlantiradi.

Svetoforning yashil ishorasidan keyin sariq ishora yonganda yoki tartibga soluvchining qo‘li yuqoriga ko‘tarilganda, qoidalarning 41-bandida nazarda tutilgan joylarda keskin tormoz bermasdan to‘xtashga ulgura olmaydigan haydovchilarga harakatlanishni davom ettirishga ruxsat etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi  qaroriga ko‘ra, svetoforning yoki tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasida haydovchilar transport vositalarini to‘xtash chizig‘i (5.33 yo‘l belgisi) oldida (bunda transport vositasining eng oldingi nuqtasi to‘xtash chizig‘i ustiga chiqib ketmasligi kerak), bunday chiziq bo‘lmaganda esa chorrahaning qatnov qismi bilan kesishgan joyida, piyodalarga xalaqit bermasdan temir yo‘l kesishmasi oldida ushbu qoidalarning 119-bandiga muvofiq boshqa joylarda svetofor yoki tartibga soluvchining oldida, harakatlanishiga ruxsat berilgan transport vositalari va piyodalarga xalaqit bermagan holda to‘xtashi kerak.

Chorrahaga o‘rnatilgan kameralar va shahar yo‘llaridagi radarlar bor joyda qizil ishora bilan bir vaqtda sariq yonganda yashil chiroqni kutmasdan harakatlangan haydovchiga jarima yozilishi mumkin.

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.

O‘zA