Mamlakatimizda yana bir avtokorxona faoliyat boshlaydi. Bu gal elektromobil, ya’ni muqobil energiya bilan ishlovchi mashina chiqaruvchi qo‘shma korxona ochiladi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Xitoyning “BYD” konglomerati bilan O‘zbekistonda gibrid va elektr avtomobili, shunday mashinalar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni tashkil qilish bo‘yicha bitim imzoladi. Mazkur hujjat asosida “BYD” kompaniyasi va “O‘zavtosanoat” AJ tomonidan mamlakatimizda gibrid va elektr avtomobil ishlab chiqaruvchi “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasi tashkil etiladi.

Investitsiya loyihasining birinchi va ikkinchi bosqichida 50 ming dona avtomobil ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Uchinchi bosqich yakunlanishi bilan ayni ko‘rsatkich 300 mingni tashkil etadi.

“BYD Uzbekistan Factory” xalqaro elektromobil bozori yetakchisining Xitoydan tashqaridagi birinchi qo‘shma korxonasidir. Bu jarayonda respublikamizning sanoat, fan, texnika, xususan mashinasozlik sohasidagi yutuqlari va eng muhimi, O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Xitoyning mazkur konserni 2022 yil muqobil energiya yordamida harakatlanuvchi avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha jahon yetakchisiga aylandi.

Go‘zal Sattorova,

O‘zA