Byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash maqsadida tumanlar va shaharlar hokimliklari jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z rasmiy veb-saytlari, shuningdek, “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirib borishi Byudjet kodeksida aks ettirilmoqda.

Bu “Soliq va byudjet qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan.

Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining majlisida mazkur qonun dastlabki tarzda atroflicha ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasiga beg‘araz yordam doirasida kelgan tibbiy asbob-uskunalardan pullik xizmatlar ko‘rsatish uchun foydalanish imkoni ham yaratilmoqda.

Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini va Byudjetnomani Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis palatalariga kiritish muddati aniq belgilanmoqda.

Bundan tashqari, byudjet tashkilotlariga ijaraga berilgan yer uchastkalaridan soliq undirish va to‘lash tartibini, foydalanilmayotgan binolar, ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalariga nisbatan tegishli soliqlarning oshirilgan stavkalarini qo‘llash tartibi bekor qilinmoqda.

Majlisda “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi.

Ushbu qonun o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqi, yer ijarasi bilan bog‘liq munosabatlar va xususiylashtirilgan yer uchastkalariga oid qoidalarni takomillashtirishga qaratilgan qator normalarni o‘z ichiga oladi.

Qonunda ijaraga olingan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari huquq va majburiyatlar bilan birga ijaraga beruvchining roziligi asosida boshqa shaxsga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkinligi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan elektron onlayn-auksion orqali olingan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalariga nisbatan huquq va majburiyatlar boshqa shaxsga ijara muddatidan oshmagan muddatga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkinligi ko‘zda tutilgan.

Senatorlar qonun bilan yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, ularni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash maqsadida qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlar bartaraf etilayotganiga  e’tibor qaratdi.

 

N.Abduraimova, O‘zA