Mamlakatimizda 2021 yilda 1472 nafar voyaga yetmagan shaxs sudlangan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 2116 nafarga yetgan. 2022 yilda ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar 389, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar soni esa 510 tani tashkil qilgan.

Albatta, voyaga yetmagan shaxslarning jinoyat yo‘liga kirib qolishida ular yashagan muhitning ta’siri katta.

Qolaversa, ularning katta hayotga “sudlangan” tamg‘asi bilan qadam qo‘yishi o‘z o‘rinlarini topa olmasligiga, o‘zlariga bo‘lgan ishonchi butkul  yo‘qolishiga sabab bo‘lishi ham mumkin.

Shu nuqtai nazardan o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan o‘ta og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishini belgilash taklif etilmoqda.

Bu “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan.

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi oldidan Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida tashkil etilgan  majlisda shu haqda gap bordi.

Qonun “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga doir davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonunda voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikni cheklashning hamda ozodlikdan mahrum qilishning eng kam muddati olti oydan bir oygacha qisqartirilishi nazarda tutilmoqda.

Ushbu qonun voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirishga xizmat qiladi. O‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsga hayotini sudlanganlik tamg‘asidan holi tarzda davom ettirishi uchun sharoit yaratadi.

Senatorlar, vazirlik va idoralar mas’ullari, ekspertlar, yoshlar parlamenti a’zolari ishtirok etgan tadbirda qonunning ma’qullanishi yuzlab yoshlarga hayotini qaytadan boshlash, jamiyatda o‘z o‘rnini topish, oilasiga, mahallasiga, jamiyatga foyda keltiradigan inson bo‘lib kamolga yetishiga imkon berishi qayd etildi.

 

N.Abduraimova, O‘zA