O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasida “Toshkent-2023” II Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi doirasida xorijiy haykaltaroshlar bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda haykaltaroshlik simpoziumlarini o‘tkazish yaxshi an’anaga hamda madaniy hayotimizda muhim voqelikka aylanib bormoqda.
Mazkur simpozium O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, simpoziumdan maqsad aholining ekologik madaniyati va atrof-muhit ob’ektlarini, tarixiy-madaniy meros obidalarini saqlash va ularga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish bo‘yicha tarbiyalashdan iborat. Mahobatli haykallar shaharning istirohat bog‘lari, dam olish zonalari, ko‘ngilochar va sayyohlik maskanlarida o‘rnatilib, shahar va uning me’morchiligiga estetik go‘zallik baxsh etmoqda. Mazkur simpozium haykaltaroshlik san’ati orqali ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish mavzusini xalqimiz ongiga chuqurroq singdirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Toshkent shahrining madaniy muhiti va badiiy-landshaft qiyofasini rivojlantirish uchun marmardan haykaltaroshlik asarlari yaratish, xorijlik haykaltaroshlar bilan samarali ijodiy hamkorlik, tajriba almashish uchun qulay shart-sharoitni yuzaga keltirish maqsad qilingan.
Uchrashuvda xorijiy haykaltaroshlar Toshkent simpoziumidagi ijodiy ishidan tashqari o‘z ijodi haqida to‘xtaldi. Dunyoning turli hudularida o‘rnatilgan haykallarini namoyish qildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA