Joriy yilning 1 avgustidan 24 sentyabr kuniga qadar respublikaning barcha hududlarida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 34-moddasida nazarda tutilgan ish vaqti me’yorlariga ish beruvchilar tomonidan rioya etilishi monitoring qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, monitoring davlat organlarining 519 ta hududiy boshqarmasida o‘tkazilgan. Shundan, 105 tasida 363 nafar xodim dam olish kunlari va ish vaqtidan tashqari vaqtlarda ishga jalb etilgani aniqlangan.
Jumladan, 169 nafar xodim dam olish kunlari, 194 nafari esa ish vaqtidan tashqari vaqtlarda ishga jalb etilgan.
Monitoring natijasi bo‘yicha 105 ta davlat organi rahbariga ish vaqti me’yorlariga amal qilish lozimligi va ushbu talablarga rioya etmaslik ish beruvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan ma’muriy jarima qo‘llanilishiga sabab bo‘lishi to‘g‘risida ogohlantirish xatlari berilgan. Aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan 44,4 million so‘m ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
M.Qosimova, O‘zA