Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an kecha bir kunlik tashrif bilan Naxichivanda bo‘ldi va Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyev bilan uchrashdi, deb xabar berdi “Anadolu” agentligi.
Muxtor respublika Oliy Majlisida avval davlat rahbarlari “yuzma-yuz” ko‘rishgan, keyin delegatsiyalarning kengaytirilgan tarkibi ishtirokida muzokara o‘tkazgan. Prezidentlar “Kars – Naxchivan” temir yo‘li loyihasi bo‘yicha Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasida protokol rejasi”ni imzoladilar.
Turkiya atrof-muhitni himoya qilish, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vaziri Mehmet Ojaseki va Ozarbayjon shaharsozlik va arxitektura davlat qo‘mitasi raisi Anar Guliyev ikki hukumat o‘rtasida Turkiyaning Qahramonmarash viloyatida turar-joy, boshlang‘ich maktab, bolalar bog‘chasi va madaniyat markazi qurilishi bo‘yicha hujjatni imzoladilar.
Ikki davlat tegishli vazirliklari energetika sohasida mavjud bitimlar ijrosini ta’minlashda davom etish maqsadini ko‘zlagan yangi bitim qabul qilgan. Matbuot anjumanida Aliyev Erdog‘anga Ozarbayjon tomonidan Qorabog‘da o‘tkazilgan aksilterror amaliyotini qo‘llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
– Bugun Turkiya – Ozarbayjon munosabati shu darajaga yetdiki, buning o‘xshashi dunyoda yo‘q. Biz aloqalarni yanada mustahkamlaymiz, “Bir millat, ikki davlat” shiori ostida barcha sohalarda hamkorlikni davom ettiramiz, – deb bayonot berdi Erdog‘an.
Davlat rahbari Ozarbayjon armiyasini Qorabog‘dagi tarixiy g‘alaba bilan tabriklab, shunday qo‘shimcha qildi:
– Bu yutuq mintaqaviy vaziyatni keng miqyosda me’yoriga keltirish uchun yangi imkoniyat ochadi. Bundan keyin Armaniston tomonidan ham tinchlik yo‘lida samimiy amallar kutishga umid tug‘diradi.