AQSHning Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi 78 – sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Sessiya doirasidagi majlisda Sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatov boshchiligidagi bir guruh tizim mas’ullari ham ishtirok etdi.

Vazir “Pandemiyalarning oldini olish, ularga tayyorgarlikni ta’minlash va javob qaytarish” mavzusiga bag‘ishlangan majlisda ma’ruza qildi.

Qayd etilganidek, pandemiya boshlanishi bilan mamlakatimizda kasallikning oldini olish hamda unga qarshi kurashish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi. Aholini oziq-ovqat, dori-darmon bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. COVID-19 ni bepul diagnostika qilish tizimi shakllantirildi.

O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma ZF – UZ – VAS 2001 vaksinasini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. JSST tomonidan tavsiya etilgan boshqa emlash vositalaridan ham keng foydalanildi.

– Koronavirus infeksiyasini to‘liq nazorat qilishni o‘rganishimiz kerak, – dedi vazir. – Bu jarayonda epidemiyaga qarshi chora – tadbirlarni takomillashtirish bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, COVID-19 ga chalingan bemorlarni erta aniqlash, davolash va profilaktikasini muvofiqlashtirish, takroriy infeksiyaning oldini olishda ikkilamchi immunitetning ahamiyatini o‘rganish, pandemiya tarqalishini erta prognoz qilish asosida karantin choralarini kuchaytirish yoki yumshatish muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, mutatsiyaga uchragan shtammlarga qarshi uzoq muddatli himoyani ta’minlash, bemorlar va sog‘ayganlarni emlash muddatlari, vaksinatsiya bilan bog‘liq xavflarni aniqlash, yangi avlod vaksinalarini yaratish zarur. Bundan tashqari, fanga noma’lum va yetarlicha o‘rganilmagan infeksiyalar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan pandemiyalar davrida maxsus profilaktika strategiyalarini ishlab chiqish bilan bog‘liq masalalarni o‘rganish talab etiladi. O‘zbekistonlik olimlar bu yo‘nalishda hamkorlikka tayyor.

Bundan tashqari, viruslar va hujayralar bankini yaratish, potensial xavfli viruslarning tabiiy rezervuarlarini o‘rganish va virusologiyada nanotibbiyotni rivojlantirish kabi masalalar kun tartibiga qo‘yilishi kerak.

Yig‘ilishda koronavirusga qarshi kurash borasidagi O‘zbekiston tajribasi yuqori baholandi.

 

O‘zA