Temir yo‘l transportida yuk tashish qoidalarini o‘z ichiga olgan nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston hududida umumiy foydalanishdagi temir yo‘llarda yuklarning xususiyatlarini inobatga olgan holda tashish tartibi va shartlari belgilandi.

Hujjatga asosan yuk jo‘natuvchilar temir yo‘l transportida yuklarni tashish uchun yukni jo‘natish mo‘ljallanayotgan oy boshlanishidan kamida 14 kun ilgari temir yo‘l transporti yoki uning mintaqaviy bo‘linmalariga buyurtma berishi lozim.

Mas’ullar esa temir yo‘l transportida yuklarni tashish uchun yuk xati va boshqa tashish hujjatlarini rasmiylashtiradi.

Yuklarni tashish vagonli, konteynerli, mayda, guruhli yoki marshrutli jo‘natmalar bilan amalga oshiriladi.

Temir yo‘l transportida: uyulgan holda tashiladigan g‘alla yuklarini tashish; yuklarni to‘kilgan holda tashish; ochiq harakatdagi temir yo‘l tarkibida yuklarni tashish; mayda jo‘natmalar bilan yuklarni tashish; yuk jo‘natuvchi yoki yukni oluvchilarning kuzatuvchilari hamrohligida yuk tashish; universal konteynerlarda yuklarni tashish; muzlovchi va tez buziluvchan yuklarni tashish; hayvonlar, parrandalar va asalarilarni tashishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilab berildi.

Shuningdek, temir yo‘l transportida yuklarni vagonlarga ortish va tushirish muddatlari hamda yuklarni yetkazib berish muddatlari belgilandi.

 

O‘zA