Qo‘qon shahrida ikkinchi bor o‘tkazilayotgan xalqaro hunarmandchilik festivalida xorijlik hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlar uchun ajratilgan pavilon milliy kuy-qo‘shiqlar ijrosi bilan yanada fayzli bo‘lmoqda.
– Yog‘och, qog‘oz va matolardan yasalgan buyumlar, qo‘g‘irchoq va o‘yinchoqlar, kiyim-kechaklar ko‘zni quvnatadi. Mazkur festivalda ikkinchi bor qatnashyapman. G‘ozg‘on marmari azaldan mashhur. Usta hunarmandlar shu marmardan idishlar yasashgan. Biz ham bu hunarni rivojlantirib, zamonaviy dizayn va naqshlar bilan boyitishga harakat qilyapmiz, – deydi navoiylik hunarmand usta Baxtiyor Namozov.
O‘zbekiston tumanidan kelgan hunarmand Muniraxon Xoliqova esa oddiy qovoqdan turfa buyumlar yasaydi. 2019 yilgi festivalda uning faoliyati e’tirof etilib, tashakkurnoma bilan taqdirlangan. – Anjumandagi boshqa hunarmandlar faoliyati bilan qiziqaman, dunyoning turli nuqtalaridan tashrif buyurgan ustalar ishidan ilhom olaman, – deydi Muniraxon.
Yildan yilga festival repertuari boyib borayotgani ham quvonarli. Dorbozu qo‘g‘irchoqbozlar, qiziqchilarning chiqishlari tadbirga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlamoqda. Bu yil qatnashuvchi xorijiy mamlakatlar soni ham ortgan.
Bolqon yarim orolida joylashgan Albaniyadan tashrif buyurgan usta misgar Petrit Pashoppari rangli metalga O‘zbekiston gerbi tasvirini tushiribdi. O‘ttiz besh yildan buyon shu hunari bilan dunyo kezib kelayotgan Petrit yurtimizdagi tinchlik-farovonlik, obodlik va odamlar kayfiyati haqida to‘lib-toshib so‘zlaydi. – Ko‘p davlatlarga borganman. O‘zbekistonda hunarmandlar uchun yaratilgan sharoit, imtiyozlarga havas qilaman. Milliy va zamonaviy hunar turlari, har biri o‘z yo‘nalishiga ega ustalar faoliyati e’tiborimni tortdi. Ko‘p do‘stlar orttirdim, tajriba almashdik, – deydi u.
– Festivalga uyg‘un holda o‘tkazilayotgan Rishtondagi xalqaro kulolchilik forumiga qatnashish uchun kelganman. Vaqtdan unumli foydalanib, Qo‘qonda festivalning ochilish marosimida ham qatnashdim va bundan juda xursandman. O‘zbekistonlik ustalar ijodiga sehrlanib qolganimni aytmoqchiman, – deydi Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasidan tashrif buyurgan kulol Nadejda Posevkina.
Ta’kidlash kerak, Qo‘qon shahrida ikkinchi bor o‘tkazilayotgan xalqaro hunarmandchilik festivali tinchlik va do‘stlik, mehr va hamkorlik anjumani sifatida ham qadrli. Zero, xotirjamlik va birodarlik tansiq tushunchalar bo‘lib turgan bugungi kunlarda anjumanning qadri yanada yuksaladi.
M.Sulaymonov, M. Qodirov(surat),
O‘zA muxbirlari.