Kuvaytning “Aljarida” nashri yozishicha, mashhur haykaltarosh-rassom Saboh Asad Qo‘qon II hunarmandlik festivalida ishtirok etyapti. Hayratlanarli joyi shundaki, u anjumanda tuxum qobig‘idan o‘ymakorlik mahorati ila yaratiladigan yangicha shakldagi san’at asarlari bilan qatnashmoqda.
San’atkor festivalda turli yo‘nalishlar bo‘yicha 70 davlatning 1200 dan ziyod vakili ishtirok etayotganini to‘lqinlanib gapirgan.
– Tuxum qobig‘ini o‘yib, geometrik shaklga, jahonning diqqatga sazovor joylari, ko‘zga ko‘ringan, mashhur shaxslar timsoliga – durdona asarga aylantirish oson ish emas, – deydi Saboh Asad. – Bunday natijaga erishish uchun kuchli sabr, matonat talab etiladi. 14 yil oldin yangi badiiy asarlar olamini ko‘zdan kechira turib, shu san’at turiga qiziqib qolganman. Asosan, tuyaqush, o‘rdak, g‘oz, kaptar, tovuq, bulbul kabi jonivorlar, hatto, hasharotlarning turli o‘lchamdagi, 110 ga yaqin xilma-xil tuxumdan mahsulot tayyorlayman.
Rassom ta’kidlashicha, 9-10 soatli ish bir necha bosqichda bajariladi: qobiqni teshishdan boshlab, ichini bo‘shatish, yaxshilab yuvish kabi mushkul yumushlar. O‘ymakorlik uchun maxsus asbob, ignalar yo‘qligi bois, bir xorij safarida 400 Kuvayt dinoriga teng pulga mittigina anjom ham sotib olgan ekan.
Saboh Asad tuxum o‘ymakorligi san’ati 6000 yil oldin, Janubiy Afrikadagi Dipkluf qoyasida o‘ziga xos naqsh ko‘rinishida o‘yilgan tuyaqush tuxumi qobig‘i topilgan paytdan boshlanganini ta’kidlaydi. Ijodkor Germaniyadan ushbu san’at bo‘yicha seminar o‘tkazish taklifini ham olibdi.
Muharrama Pirmatova,
O‘zA