Qo‘qon bir necha kunga dunyo hunarmandlari poytaxtiga aylandi. Uning Xon O‘rdasi atrofidagi maydonlarida to‘rt qit’a, 70 davlatdan kelgan 200 nafar xorijiy va 700 nafar hamyurt hunarmandlar ko‘rgazmalari ochildi.

Eron ustalari kashtachilikda nozik chizgilari, mustahkam tortimi, forsiy miniatura uslubidagi qochirimli kompozitsiyalari aks etgan mahsulotlarini namoyish etishmoqda. Usta Foniya esa festival ishtirokchi va tomoshabinlariga amaliy harakatlarini ham ko‘rsatyapti.

– Men Eron kashtachiligining o‘ziga xosligi, ipak mato, ipak tola va mahorat uyg‘unligini aks ettirmoqchi bo‘ldim, – deydi Foniya. – Ammo O‘zbekiston, xususan Marg‘ilon ipakdo‘zlari mahoratiga tan berdim. Biz festival doirasidagi muloqotlar chog‘ida albatta do‘stlashdik va tajriba almashdik. Eronga qaytgach, ko‘rganlarimni do‘stlarimga faxr bilan gapirib beraman.

Maydondagi Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Nepal, Tojikiston, Hindiston kabi davlatlardan kelgan ustalar ko‘rgazmasi hamisha gavjum. Ayniqsa Hindiston ipakdo‘zlari aka – uka Abdujabbor va Abdulloh Xatri to‘qib gul bitgan matolarga qiziqish katta bo‘ldi.

– Pilla Ollohning ne’mati va unga hamisha pok qalb, pok barmoq urulishi kerak, – deydi Abdujabbor Xatri. – Mana bu matoning har bir santimetrida 170 tagacha tola bor. Unga kashtachilik uslubida moychechak gullarini o‘rnatdim. Shu bir kiyimlik ko‘ylakni yigirib, pishitib to‘qish va gul solishga ikki oy mehnat qildim. Bugun bu yerda ko‘rdimki, ipakchilik O‘zbekistonda ham taraqqiy etgan ekan. Bizga hamkorlik o‘rnatish, tajriba almashish imkonini bergan O‘zbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Bugun festival ko‘rgazmalari barcha uchun ochib qo‘yildi. Farg‘ona va qo‘shni viloyatlardan kelayotgan san’at ishqibozlarini har bir usta, uning ko‘rgazmasini oldida uchratasiz. Ular orasida toshkentlik mashur yog‘och o‘ymakorligi ustasi Ravshan Norxo‘jayevni uchratdik.

– Yog‘och o‘ymakorligi davlatimiz rahbarining hunarmandlarga g‘amxo‘rligi  tufayli qayta ommalashdi. O‘zim 60 nafar yoshlarga kasb sirlarini o‘rgatyapman. Festival maydonlarida boshqa mamlakatlar yog‘och o‘ymakor ustalar ishini ham ko‘rdim. Bizda, O‘zbekiston o‘ymakorlik g‘oyat nafis va jilvakor ekan deb o‘ylayman.

Qo‘qondagi II xalqaro hunarmandlar festivali 23 sentyabrga qadar davom etadi va har bir yurtdoshimiz uning mehmoni bo‘lishi mumkin.

Muallif: Muhammadjon Obidov

Tasvirchi: Elyor Olimov