Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tayotgan II xalqaro hunarmandchilik festivalida 70 dan ortiq xorijiy davlatdan hunarmandlar ishtirok etmoqda. Ayni paytda O‘rda maydonida mahsulotlar ko‘rgazma va savdosi bo‘lib o‘tmoqda. Biz mehmonlarning taassurotlari bilan qiziqdik.
Dovud MOLLAE, ganchkor (Eron):
– O‘zbekistonga bir necha bor kelganman. ushbu festivalda esa birinchi bor ishtirok etishim. Tadbir juda yaxshi tashkillashtirilibdi. Qo‘qon, Buxoro, Samarqand, Marg‘ilon, Rishton shaharlari haqida birmuncha tasavvurga ega edim. Biroq bu yerga kelib, odamlarning o‘ta samimiy, mehmondo‘stligidan hayratga tushdim. Mehnatkash, san’atning qadriga yetadigan o‘zbek xalqiga mehrim yanada ortdi. Yurtingizda faoliyat yuritayotgan o‘ymakor naqqoshlar, misgar, temirchi va ganchkorlar iqtidori tahsinga sazovor. Qadimdan bu yerning odamlari hunarga katta e’tibor berishgani yaqqol bilinib turibdi.
Magno ALOVEYRA, hunarmand (Kolumbiya):
– Daraxtlardan, qamishdan buyumlar yasashga yoshligimdan qiziqaman. O‘zbekistonlik hunarmand-ustalar mahsulotlari ham diqqatimni tortdi. Festivaldan olam-olam taassurot olyapman. Bu yerning har bir hududi o‘ziga xos an’analarga ega, ranglar, buyumlarning tayyorlanish jarayoni turfa xil. Hunarmandlar faoliyatiga, turli ishlab chiqarish sohalariga hukumat tomonidan e’tibor qaratilayotgani, ayniqsa, quvonarli. Dunyo xalqlarining tili, dini, millati har xil bo‘lishi mumkin. Lekin insoniyat tamadduniga nazar solsak, barchasining ildizi bir. Bu festivalni do‘stlik, tinchlik va san’at birdamligi anjumani deb atash mumkin.
O‘zbeklarning yashash tarzi, keksalarga hurmat, odob-axloq va qadriyatlari kishini maftun qiladi. Kelgusida bu festivalga yana kelish maqsadim bor.
O‘zA muxbiri M.Sulaymonov suhbatlashdi.