O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasida iqtisodiy, sarmoyaviy faoliyat rivojlanib, hamkorlik yangi pog‘onaga ko‘tarilmoqda.

Koreyaning yetakchi kompaniyalari O‘zbekistonga jalb etiladi va O‘zbekiston mahsulotlarini Koreya Respublikasiga eksport qilishga xizmat qiladigan O‘zbekiston – Koreya qo‘shma transport – logistika kompaniyalari tashkil etiladi.

Audio va video texnika, shuningdek, videokuzatuv tizimlari ishlab chiqarish hamda chiqindi poligonlari negizida qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash majmuasi yaratiladi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Koreya – O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Kim Chang Keon uchrashuvida aynan shu loyihalarni ko‘rib chiqish va ularni tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) prezidenti Chang Von Sam bilan o‘tkazilgan uchrashuvda birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar, ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirishga qaratilgan yangi imkoniyatlar muhokama qilindi.

Mazkur agentlik tomonidan O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishda 140 million AQSH dollaridan ortiq moliyaviy, texnik va grant yordami ko‘rsatilgan.

Oliy Majlisda “elektron parlament” tizimini joriy etish loyihasini amalga oshirishda KOICA bilan hamkorlik qilinmoqda.

Global Yashil o‘sish instituti (GGGI) tomonidan KOICA bilan birgalikda Orol dengizi mintaqasi ekotizimini yaxshilash bo‘yicha umumiy qiymati 5,9 million AQSH dollari bo‘lgan loyiha amalga oshirilayotir.

O‘zbekiston juda tez rivojlanayotgani va turli loyihalarni amalga oshirish zarurati yuzaga kelayotgani alohida ta’kidlanib, sog‘liqni saqlash, ta’lim, axborot texnologiyalari, kommunal xo‘jalik, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, transport va boshqa sohalardagi loyihalarni ilgari surish orqali keng qamrovli va ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA