Mustaqillik yillarida Adliya vazirligi tomonidan 30 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjat davlat hisobiga olingan. Shundan 8 mingga yaqini, ya’ni deyarli 30 foizi so‘nggi besh yil davomida qabul qilingan.

Qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining sifati ularning loyihalarini tayyorlash bilan bevosita bog‘liq. Boshidan xato va kamchiliklar bo‘lmasa, hujjatning qabul qilinishi va, keyinchalik, amaliyotda samarali ishlashi ham qiyinchiliksiz amalga oshadi.

Adliya vazirligida “Qonun loyihalarini tayyorlash, Vazirlar Mahkamasiga kiritish, Qonunchilik palatasi va Senat yig‘ilishlarida himoya qilish” mavzusida o‘tkazilgan seminarda shu haqda so‘z yuritildi. Unda pardament, hukumat va 30 dan ortiq davlat organlari vakillari ishtirok etdi.

Qonunchilik palatasi vakillari tomonidan qonun loyihalarini  ko‘rib chiqish tartibi hamda loyihalarni kiritishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlarga to‘xtatib o‘tildi. Xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonun loyihalarini ishlab chiqish, muayyan sohani tartibga solishga qaratilgan bir nechta qonun o‘rniga yaxlit kodeks ishlab chiqish lozimligi qayd etildi.

Senatda qonun loyihalarini ko‘rib chiqish tartibi va loyihalarni ishlab chiqishda bugungi kunda ko‘p uchrayotgan kamchilik va muammolar to‘g‘risida yuqori palata vakillari tushuntirish berdi.

Seminarda normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari raqamlashtirilgani qayd etildi. Xususan, bugungi kunda loyihalarni ishlab chiqish va kelishish — rroject.gov.uz orqali hamda ularni jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish — regulation.gov.uz orqali amalga oshirilmoqda.

Norma ijodkorligi jarayonida qonunchilik hujjatlari va loyihalarni tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazish tizimi joriy etilgan. 2022 yilda 144 qonunchilik hujjati loyihasining ta’siri baholanib, ulardan 150 dan ortiq talab, majburiyat va cheklov o‘rnatuvchi norma chiqarib tashlandi. Natijada aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun 7 trillion so‘mdan ortiq asossiz xarajatlarning oldi olindi.

2026 yilga qadar 21 mingdan ortiq hujjatni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish belgilangan. 2022 yilda ushbu yo‘nalishda 1,8 mingdan ortiq hujjat ekspertizadan o‘tkazilib, ularning 12 foizida 300 dan ziyod korrupsiyaviy omillar aniqlandi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli qonunchilik hujjati loyihalari ishlab chiqildi.

Seminarda vazirlik mas’ullari tomonidan qonun loyihalarini ishlab chiqish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida batafsil tushuntirish berildi.

Norma ijodkorligi jarayonida kelgusida rejalashtirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Unga ko‘ra, norma ijodkorligida “aqlli tartibga solish” modelini keng joriy etish orqali hujjatlarning samaradorligi o‘rganiladi hamda uning ta’siri baholanadi.

Kelgusida qonunchilik hujjatlari har yili hukumat tomonidan tasdiqlanadigan rejalashtirish dasturlari asosida ishlab chiqiladi. Qonunchilik bazasini yanada ixchamlashtirish va aniq sohalar kesimida tizimlashtirish maqsadida 57 sohada

10 mingga yaqin qonunchilik hujjati tizimlashtiriladi.

N. Abduraimova, O‘zA