Qo‘qon temir yo‘l vokzalida ikkinchi bor o‘tkazilayotgan xalqaro hunarmandchilik festivali va Rishton tumanidagi xalqaro kulolchilik forumining ishtirokchilari tantanali kutib olindi.

Festivalda 70 dan ortiq mamlakatdan ustazoda hunarmandlar, xalq amaliy san’ati ustalari, mutaxassislar, soha olimlari, faxriy mehmonlar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etishi kutilmoqda. Shu bilan birgalikda yurtimizning barcha hududlaridan mingga yaqin hunarmandlar qatnashib, mahsulotlarini namoyish etadi.

– Har bir davlatning milliy hunarmandchiligi o‘ziga xos, – deydi Xiroki Asakura (Yaponiya). – Men O‘zbekistonning hunarmandchiligi bilan yaxshi tanishman. Ayniqsa, Qo‘qon va Rishton bu borada katta maktabga ega. Albatta, festival barchamiz uchun mahorat saboqlari bo‘lishiga ishonaman.

Festival doirasida bir qator tadbirlar, ishtirokchilarning tantanali yurishlari, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi, “An’anaviy badiiy hunarmandchilikni saqlash va rivojlantirish sohasida jahon amaliyoti” mavzusida ilmiy konferensiya, xalqaro va o‘zbekistonlik hunarmand-dizaynerlar ishtirokidagi modalar namoyishi, xalq sayllari, “O‘zbekiston hunarmandchiligi” kitob-albomi taqdimoti, xalqaro hunarmandchilik muzeyi ochilishi va Farg‘onaning madaniy-ko‘ngilochar joylari va turistik marshrutlari bo‘ylab sayohat o‘tkaziladi.

Xalqaro hunarmandchilik festivali nizomiga asosan festival doirasida mahalliy va xorijiy hunarmandlar o‘rtasida ko‘rik-tanlov bo‘lib o‘tadi. Ko‘rik-tanlov ishtirokchilari bo‘lgan hunarmandlarning mahoratlarini yetti kishidan iborat tarkibda xalqaro hay’at baholab boradi. Xalqaro hay’at tarkibiga yuqori malakali mutaxassislar, taniqli san’at va madaniyat arboblari, olimlar, tadqiqotchilar, amaliyotchilar, shuningdek, ishtirokchi davlatlardan tegishli sohalar namoyandalari kiritilgan.

Xalqaro hay’at ko‘rik-tanlov ishtirokchilarining mahsulotlari ko‘rgazmasi va mahorat darslarini 5 ta nominatsiya – “Eng yaxshi hunarmand” (1 o‘rin 7 000, 2 o‘rin 5 000, 3 o‘rin 3 000 AQSH dollari), “Eng yosh hunarmand” (5 nafar hunarmandga 2000 AQSH dollari), “Eng yaxshi hunarmandchilik maktabi ustasi” (1 o‘rin 5000, 2-o‘rin 3000, 3-o‘rin 2000 AQSH dollari), “Qadimiy sulola davomchisi” (2 hunarmandga 2500 AQSH dollari) va “Qadimiy hunarmandchilik turini tiklagan hunarmand” (2 nafar hunarmandga 2 500 AQSH dollari) kabi nominatsiyalar bo‘yicha baholaydi hamda g‘oliblar maxsus diplom va pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

M.Sulaymonov, 

M.Qodirov olgan surat