AQSHga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 sentyabr kuni Qo‘shma Shtatlarda yashayotgan va ishlayotgan bir guruh vatandoshlarimiz hamda ushbu mamlakatning yetakchi oliy ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi.
Ochiq va jonli muloqot shaklida o‘tgan tadbirda davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida so‘zlab berdi, mamlakatimiz modernizatsiyasiga ko‘maklashishda vatandoshlarimizda ulkan salohiyat borligiga e’tiborqaratdi.
Vatandoshlar va ularni birlashtiruvchi tashkilotlar misli ko‘rilmagan yuqori darajaga chiqqan O‘zbekiston-AQSH hamkorligini rivojlantirishga katta hissa qo‘shayotgani alohida ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari vatandoshlarimiz bilan aloqalarni mustahkamlash, ularning jamoat birlashmalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, xorijda o‘zbek tili kurslarini tashkil etishga keng ko‘maklashishi, vatandoshlar O‘zbekistonning tarixiy shaharlarini ziyorat qilishi uchun maxsus turiszm xizmatlari to‘plamlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
– Biz ta’lim, tibbiyot, iqtisodiyotda olib borayotgan yangilanishlar natijasini har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida his qilishi kerak. Sizlardek xorijda o‘qigan, yirik kompaniyalarda ishlab, tajriba orttirgan yuqori malakali mutaxassislar ham yurtimizga qaytib kelishi va butun salohiyati bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ishtirok eta olishlari uchun barcha sharoitni yaratishimiz kerak, – dedi Prezidentimiz. – Bugun shu yerdagi har bir o‘zbekistonlikda kuchli Vatan hissi va uning rivojiga hissa qo‘shish ishtiyoqini ko‘rib, juda xursand bo‘ldim. Sizlarni O‘zbekistonda kutib qolamiz.
Uchrashuv ishtirokchilari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan tub va keng ko‘lamli islohotlar xalqimiz farovonligini yanada oshirish, yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga xizmat qilayotganini ta’kidladilar.
Katta kompaniyalarda ishlayotgan va nufuzli oliy ta’lim dargohlarida o‘qiyotgan vatandoshlar o‘z fikr va takliflarini bildirdi. Jamiyat hayoti va iqtisodiyotning turli masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Qaratilayotgan katta e’tibor uchun samimiy minnatdorlik bildirib, vatandoshlar O‘zbekiston rivojiga munosib hissa qo‘shishga tayyorligini ta’kidladilar.