Toshkent shahar hokimligida Xitoy-SHHT pilot zonasi kotibi, Sindao (XXR) shahri doimiy partiya ishchi qo‘mitasi a’zosi Chjan Sinchju boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda mehmonlarga poytaxtimizda yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit, Toshkent axborot texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot, turizm, biznes, kommunal soha, energetika, sanoat va boshqa qator yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani ma’lum qilindi.

Shunga ko‘ra, delegatsiya a’zolari mazkur uchrashuv o‘zaro manfaatli va foydali hamkorlikka mustahkam zamin bo‘lishi mumkinligiga ishonch bildirdi. So‘ngra, hozirgi kunda poytaxtimizda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

O‘z navbatida, delegatsiya a’zolari ham Sindao shahrining yirik ishlab chiqaruvchilari, katta mashinasozlik va sanoat korxonalari, logistika bo‘yicha afzalliklari va imkoniyatlari haqida batafsil so‘zlab, istiqbolli hamkorlikning moliyaviy-iqtisodiy, investitsiyaviy imkoniyatlariga urg‘u berdi.

Muloqot yakunida taraflar muzokaralarni doimiy davom ettirishga kelishib oldi.

 

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA