Huquqiy munosabat

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish istagini bildirgan advokatlar bilan shartnomalar tuzish boshlandi.

Xo‘sh, buning uchun advokatlar qayerga murojaat qilishi mumkin? Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar kimlarga kerak bo‘ladi?  

Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil ma’lumot berdi.

–Ushbu qonunning maqsadi davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Mazkur qonunga ko‘ra, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, qonuniylik, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, shaffoflik, xolislik, kasbiy mahorat va bilimga egalik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, advokatning kasb etikasi qoidalariga va advokat qasamyodiga qat’iy rioya etish, advokatlik siriga rioya etish hamda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hisoblanadi.

Qonundagi davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish asoslari va tartibiga ko‘ra, davlat hisobidan yuridik yordam faqat Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reyestriga kiritilgan advokatlar tomonidan ko‘rsatiladi.

Davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga kimlar kiradi?  

Kam ta’minlangan shaxslar, agar ular fuqarolik ishlari bo‘yicha da’vogarlar yoki javobgarlar, ma’muriy ishlar bo‘yicha arizachilar, ma’muriy qamoq tarzidagi ma’muriy jazo nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslar, jinoyat ishlari bo‘yicha gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, shuningdek mahkumlar bo‘lsa, davlat hisobidan yuridik yordam olishlari mumkin.

–Davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarning huquq va majburiyatlari qanday?  

–Ushbu shaxslar qonunda belgilangan tartibda va hollarda davlat hisobidan malakali yuridik yordam olishga yoki davlat hisobidan yuridik yordam olishni qabul qilishi yoki rad etishga haqlidirlar. Ular o‘zlariga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilishi chog‘ida olingan axborotning maxfiyligiga rioya etilishini talab qilish hamda maxsus vakolatli davlat organi xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ham ega.

Shuningdek, davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar yuridik yordam olish uchun murojaat qilganda haqqoniy va to‘liq axborot taqdim etishi, yordam ko‘rsatilishiga ta’sir etuvchi holatlar to‘g‘risida maxsus vakolatli davlat organini o‘z vaqtida xabardor qilishi, davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun o‘zlari yolg‘on yoki chalg‘ituvchi ma’lumotlar taqdim etganligi faktlari tasdiqlangan taqdirda, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini qoplashi shart. Davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va ularning zimmasida o‘zga majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishni xohlovchi advokatlar e-advokat.uz platformasidagi shaxsiy kabineti orqali istalgan hududiy adliya boshqarmasiga murojaat qilishi mumkin. Adliya boshqarmasi tomonidan murojaat 3 ish kunida ko‘rib chiqilib, shartnomani imzolash bo‘yicha taklif yuboriladi.

 

Gulnoza Boboyeva,  

O‘zA