Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning navbatdagi konferensiyasi, xabar berganimizdek, ilk bor O‘zbekistonda tashkil etildi. Ma’lumotlarga qaraganda, Samarqandga 15 davlatdan vazir, 10 ga yaqin mamlakatdan vazir o‘rinbosari, 13 davlatning yuqori martabali diplomatlar, shuningdek 30 dan ziyod xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar, moliya institutlari rahbarlari tashrif buyurgan. Eng muhimi, anjumanda so‘zga chiqayotgan, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqotga kirishayotgan barcha mutaxassislar, ekspertlar konferensiyada ko‘tarilayotgan masalalar dolzarbligini, tadbirning juda yuqori nufuzi va ahamiyatini e’tirof etmoqda:

Avi Dixter, Isroil qishloq xo‘jaligi vaziri:

Bugungi kunda dunyo aholisining global miqyosda jadal o‘sishi kuzatilyapti. Taxminlarga ko‘ra, 2050 yilga borib insoniyat nufuzi 10 milliardlik dovonni zabt etishi kutilmoqda. Iqlim inqirozi xavfi ham kuchayib boryapti. Binobarin, ayni payt global hamkorlik juda muhim. Ya’ni, yorqin kelajakni ta’minlash uchun umumiy va alohida xalqlar o‘rtasida konstruktiv fikr almashishni yo‘lga qo‘yish zarur. Bu jarayonda, ayniqsa, innovatsion yechimlar ko‘proq foyda beradi.

Isroilda yillar davomida sohadagi muammolarni hal qilish uchun olimlar va fermerlar o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikka asoslangan standartni yaratdik. Natijada qishloq xo‘jaligi sanoatga aylandi.

Masalan, deyarli, yarim yerimiz cho‘ldan iboratligi sababli bizga, ayniqsa, suv masalasida innovatsiya juda zarur edi. Ayni jarayonda suvni qayta ishlash inshootlari qurildi, sug‘orish va irrigatsiya tizimi butunlay yangilandi. Endilikda qo‘shni davlatlarga ham toza suv yetkazib beryapmiz. Bu tajribani boshqalarga ham ulashishimiz mumkin.

Qisqasi, “nou-xau”larni birgalikda dunyo qishloq xo‘jaligi amaliyotiga kiritmoqchimiz. Oziq-ovqat xavfsizligiga hissa qo‘shmoqchimiz. Keling, birlashaylik va sayyoramizni saqlab qolishga hissa qo‘shaylik. Samarqand deklaratsiyasi bu yo‘ldagi birinchi qadam bo‘lishi tayin.

Franchesko Lolobrijida, Italiya qishloq xo‘jaligi vaziri:

– Pandemiya hammamizga jiddiy muammo tug‘dirdi. Rossiya va Ukraina nizosi va boshqa geosiyosiy muammolarga umumiy yechimlar topishimiz kerak.

Barcha davlatlar va xalqlar uchun sifatli oziq-ovqat ta’minoti eng muhim jihatlardan biri.

Masalan, Italiyada sohaga zamonaviy texnologiya, yashil innovatsiyani joriy etish e’tibor markazida. Asosiy maqsad yerning holatiga ta’sir qilmasdan, hosilni ikki barobar oshirish.

G‘ayrat Xonnazarov, G‘olib Hasanov yozib oldi.

Nosirjon Haydarov, Alisher Isroilov (surat),

O‘zA