Xabaringiz bor, Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” dori vositasini qabul qilgan 65 nafar bola vafot etgan edi. Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda.

Toshkent shahar sudi binosida bo‘lib o‘tayotgan mazkur ochiq sud majlisi boshlanishidan oldin jabrlanuvchilar bilan suhbatlashdik.

–Farzandim 2005 yilda tug‘ilgan, – deydi qashqadaryolik Dilbar Sanaqulova. – O‘g‘lim Bunyodxon sog‘lom bo‘lib voyaga yetgan. Shamollagani uchun  “Dok-1 Maks” siropini dorixonadan olib berdim, u dorini kuniga ikki mahal ichdi. Ahvoli yaxshilanish o‘rniga yomonlashdi. Shundan keyin uni  shifoxonaga olib bordik. O‘sha yerda uning buyraklari ishlamayotgani aniqlandi. Qarshi shahar tez tibbiy yordam markazida o‘g‘limni davolashga kirishishdi. Afsuski, bolamning ahvoli og‘irlashib boraverdi. O‘pkasi ham ishdan chiqdi va u komaga tushib qoldi. Lekin keyin yana o‘ziga kelib, sal yaxshi tomonga o‘zgardi. Biroq, u o‘zi yaxshi yura olmaydigan, ko‘zlari yumilmaydigan, og‘zi qiyshaygan birinchi guruh nogironiga aylanib qoldi…

Eslatib o‘tamiz, mazkur jinoyat ishi Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Muso Yusupov raisligida birinchi instansiyada ko‘rib chiqilmoqda.

“Dok-1 Maks” dori vositasining O‘zbekistonga olib kirilishi va sotilishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan “Quramax Medikal” mas’uliyati cheklangan jamiyati va farmatsevtika sohasi, dori vositalarini standartlash tizimi mas’ul xodimlaridan iborat 21  nafar sudlanuvchi sud oldida javob bermoqda. Ular Jinoyat kodeksining o‘ndan ortiq moddalari bilan ayblangan.

Bo‘lib o‘tgan oltinchi sud majlisida sud tergovi davom ettirildi. Sudlanuvchilarga bolalarning o‘limiga, ayrimlarning nogiron bo‘lib qolishiga sababchi bo‘lgan dori vositasi davlat standartidan qanday o‘tkazilgani  bilan bog‘liq savollar berildi.

Sud jarayoni ham, aynan shu yo‘nalishdagi savollarni berish ham hali davom etmoqda. Berilayotgan javoblarga, qolaversa, sudlanuvchilarning ayblilik darajasiga, albatta, sud baho beradi.

Norgul Abduraimova,  

Doniyor Yoqubov(video),  

O‘zA