Mamlakatimizda oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ularni himoya qilish davlat siyosati darajasigacha ko‘tarildi. Davlat va biznes o‘rtasida samarali muloqotni o‘rnatish uchun bir qator institutsional va tuzilmaviy islohotlar amalga oshirildi.

Jumladan, Biznes-ombudsman instituti ham tadbirkorlarning xususiy mulk huquqini himoya qilish bo‘yicha bir qator ishlarni amalga oshirmoqda.

Sohadagi islohotlar xususida Biznes-ombudsman devoni mas’ul xodimi Nargiza Gulimova quyidagilarni ma’lum qildi:

–Tadbirkorlarning xususiy mulk huquqini himoya qilish bo‘yicha Biznes-ombudsman devoniga joriy yilning 6 oyida 64 ta murojaat kelib tushgan, shundan 9 tasi qanoatlantirilgan, 44 tasiga tushuntirish berilgan.

Aniqlangan qonun buzilishi holatlari buyicha davlat tashkilotlariga jami 3 ta ta’sir chora qo‘llanilgan, sudlarga da’vo arizasi kiritilib, 6,5 milliard so‘m mablag‘ undirilishi belgilandi. Xususan, Farg‘ona shahridagi “Muhammad-Ali” FX foydasiga Farg‘ona shahar hokimligidan 3,6 milliard so‘m kompensatsiya to‘lovini undirish haqida sudga da’vo arizasi kiritilgan. Farg‘ona tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan da’vo arizasini qanoatlantirish rad etilgan.

Lekin Biznes-ombudsman tomonidan kiritilgan kassatsiya shikoyati Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqildi va fermer xo‘jaligi foydasiga kompensatsiya to‘lovi undirilishi belgilandi.

Shuningdek, Vakil devoni tomonidan xususiy mulkni himoya qilish sohasida bir necha qonun loyihalari ishlab chiqilishida ishtirok etilgan. Jumladan, joriy yil boshida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisob varaqlaridagi pul mablag‘lari dahlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.

Endilikda tadbirkorlarning bank hisob varaqlaridagi pul mablag‘larining himoya qilinishi yanada kafolatlandi.

Shu bilan birga, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yangi tahrirda ishlab chiqildi. Mazkur qonun bilan xususiy mulk huquqi bilan bog‘liq ma’muriy hujjatlar faqat sud tartibida bekor qilinishi yoki haqiqiy emas deb topilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, mulk huquqini bekor qilish bo‘yicha tartib-tamoyillar qonunosti hujjatlar bilan belgilanishi taqiqlanmoqda. Xususiy mulk huquqini himoya qilish bo‘yicha fuqarolik va iqtisodiy sudlarga murojaat etishda davlat bojini to‘lashdan ozod etish tartibi belgilanmoqda.

Shu bilan birgalikda, xususiy mulk huquqini sud orqali himoya qilishning kafolatlari kuchaytirilmoqda. Jumladan, xususiy mulk huquqining har qanday buzilishlarini bartaraf etish, xususiy mulkka yetkazilgan zararni undirish haqidagi talablarga nisbatan da’vo muddati qo‘llanilmasligi hamda shikoyatning sudga murojaat qilish muddati o‘tib berilgani sababli qanoatlanishi rad etilishi davlat organlarining qonunga xilof qarorlari oqibatida yetkazilgan zararni undirishga oid talabni sud tartibida ko‘rib chiqib, hal etishni istisno etmasligi belgilanmoqda.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, xususiy mulk daxlsizligi qanchalik ta’minlansa, bu o‘z navbatida tadbirkorlarning soni ortishiga, ularning faoliyati kengayishiga xamda davlat siyosati va ertangi kunga bo‘lgan ishonchining yanada ortishiga hizmat qiladi.

 

Gulnoza Boboyeva,  

O‘zA