O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov Markaziy Osiyo uchun Ekologik reabilitatsiya hisobi (ERH) Assambleyasining raisi Adriaan Vandermeyer hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari bilan uchrashdi.

Qayd etilishicha, Ekologiya vazirligi va YeTTB o‘rtasida “Yangiobod va Chorkesar-2 uran konlari ob’ektlarini rekultivatsiya qilish” grant bitimi imzolangan.

Rekultivatsiya bu – inson faoliyati natijasida unumdorligi sezilarli darajada pasaygan yerlar va suv resurslarini ekologik va iqtisodiy jihatdan tiklash bo‘yicha chora-tadbirlar majmui.

Bitim loyihasida Toshkent viloyatining Yangiobod shahri va Namangan viloyatining “Chorkesar”  qishlog‘idagi sobiq uran konlari hududini tiklash va meliorativ holatini yaxshilash ko‘zda tutilgan.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida sobiq uran konlarini rekultivatsiya qilish bilan bog‘liq rejalashtirilgan va amalga oshirilayotgan tadbirlar, ERH Assambleyasining 8-yig‘ilishi mavzulari bilan qisqacha tanishish, tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtirishda kechikishlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida loyihani amalga oshirishda boshqa vazirlik va idoralar bilan muvofiqlashtirish, monitoring va texnik xizmat ko‘rsatish hamda boshqa qator masalalar  muhokama qilindi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, joriy yilning 8–9 sentyabr kunlari ERH, Yevropa komissiyasi, Xalqaro atom energiyasi agentligi, YeXHT, BMTTD, Qirg‘iz Respublikasi va Tojikiston Respublikasi vakillari ishtirokida ERH Assambleyasining 8-yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Chexiya, Estoniya, Finlyandiya, Fransiya, Vengriya, Latviya, Ruminiya, Shvetsiya, Shveysariya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, AQSH diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining sobiq uran konlarini rekultivatsiya qilish ishlari bilan tanishish maqsadida Yangiobod shahriga tashrifi ko‘zda tutilgan.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA